Shavkat Mirziyoyev bugun, 9-fevral kuni Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan tanishmoqda. O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Olmazor tumani Qichqiriq kanali bo‘yida bunyod etilayotgan madaniyat va istirohat bog‘ining loyihasi yuzasidan ma’lumot berildi, deb xabar qiladi Prezident matbuot xizmati.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Bog‘da bolalar va sport maydonchalari, zamonaviy attraksionlar tashkil etiladi. Abdulla Qodiriy va Cho‘lpon nomidagi kutubxonalar, Nuroniylar maskani quriladi.

Shavkat Mirziyoyev kutubxonalarning poytaxt maktablari bilan hamkorligini yo‘lga qo‘yish, Abdulla Qodiriy va Cho‘lpon ijodini yoshlarga chuqurroq o‘rgatish zarurligini ta’kidladi.

Aholining dam olishi uchun qulayliklarni oshirish, xususan, Nuroniylar maskanida choyxona va askiya markazi tashkil qilish, yaqin joyda poliklika barpo etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Shuningdek, O‘zbekiston Prezidenti Toshkent shahrida “Xavfsiz shahar” konsepsiyasi asosida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Shavkat Mirziyoyev uyma-uy yurib, odamlar bilan suhbatlashish, ularning muammolarini hal qilishga ko‘maklashish, ish o‘rinlari yaratish, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish zarurligini qayd etdi.