Urganch qurilish kasb-hunar kollejining birinchi bosqich o‘quvchisi Og‘abek Abdullayev 2018-yilning 31-yanvar kuni onasi Gulnora To‘rayeva bilan janjallashib, g‘isht bo‘lagi bilan uning bosh qismiga bir necha marotaba urib, tan jarohati yetkazdi va ayollar ro‘moli bilan bo‘g‘ib o‘ldirdi. Bu haqda “Xalq so‘zi” xabar berdi.
Mash’um voqea sodir bo‘lgan paytda Og‘abekning shu uyda yashovchi o‘gay ukasi Azizbek Masharipov onasiga tegmaslikni so‘rab yalinib-yolvordi. Ammo ko‘zlari qonga to‘lgan qotil o‘zi bilan bir qorindan talashib tushgan ukasini ham ayamadi. Besh yashar Azizbekni ham ayollar ro‘moli bilan bo‘g‘ib o‘ldirib, jinoyat izini yashirish maqsadida jasadni jomadonga joylab tunda uy yerto‘lasiga tushirib qo‘ydi. Qo‘shnilarning hushyorligi va ogohligi natijasida ushbu jinoyat haqida huquqni muhofaza qilish organlariga xabar qilindi.
Dastlabki surishtiruv natijalariga ko‘ra jinoyatga aloqador tomonlarning shaxsiga oid ma’lumotlar aniqlandi.
Ma’lum bo‘lishicha, Gulnora To‘rayeva ikki marta nikohsiz turmush qurib, har turmushidan bir nafardan farzandli bo‘lgan. Ilgari sudlangan. Tayinli bir ish bilan shug‘ullanmay, yengil-yelpi hayot kechirishga odatlangan. Nosog‘lom muhit shakllangan oilada tarbiyalangan Og‘abek ham 2017-yilning mart oyida o‘g‘rilik jinoyati sodir etib sudlangan. Ichki ishlar organlarida profilaktik hisobda turgan.
Mazkur holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Izoh (0)