“O‘zbekkino” milliy agentligida Qozog‘istonning O‘zbekistondagi elchisi Yerik Utembayev bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Uchrashuvda mamlakatlar o‘rtasida ko‘plab sohalar qatori kino san’ati yo‘nalishidagi hamkorlik ham rivojlanib borayotgani ta’kidlandi. 2018-yilda Ostona shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan o‘zbek kinosi kunlari, istiqboldagi rejalar, shuningdek, boshqa qo‘shma loyihalar bo‘yicha fikr almashildi.
“Joriy yil Qozog‘istonda O‘zbekiston yili, deb e’lon qilingan, — dedi Yerik Utembayev. — Bu esa o‘zaro aloqalarimizni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladigan ko‘plab loyihalarni hayotga tatbiq etish uchun yaxshi imkoniyatlarni beradi. O‘ylaymanki, kino san’ati xalqlarimiz shonli tarixi, buyuk siymolarimiz hamda muqaddas qadamjolarimizni dunyoga tanitishda va shu orqali Markaziy Osiyoda turizmni yanada rivojlantirishga katta hissa qo‘shadi”.
Oldinroq xabar qilinganidek, Qozog‘istonda O‘zbekiston yili rasman 15-martdan boshlanadi.
Izoh (0)