Liverpul universiteti olimlari itlar ko‘proq kimlarga hujum qilishini aniqladi. Shuningdek, itlar tishlaganlar soni rasmiy statistikaga qaraganda ko‘proq ekanligi ma’lum bo‘ldi. Tadqiqot natijalari Journal of Epidemiology and Community Health jurnalida chop etildi.
Olimlar Buyuk Britaniya shimoli-g‘arbidagi Cheshir grafligining 694 nafar aholisi ishtirokida so‘rov o‘tkazdi. Ishtirokchilar o‘z yoshini ko‘rsatib, bir qator savollarga javob berdi.
So‘rovnoma qatnashchilarining 25 foizini hayoti davomida kuchuk tishlaganligi aniqlandi. Itlar tishlashining o‘rtacha sodir bo‘lish darajasi yiliga ming kishiga 18,7 holatni tashkil etdi. Buyuk Britaniya sog‘liqni saqlash tizimi ko‘rsatkichlari bundan uch marta kamdir. Bu faqat tibbiy yordam talab etiladigan holatlar qayd etilishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Ishtirokchilarning 44 foizga yaqini bolaligida, 16 yoshgacha bo‘lgan davrda itlar hujumiga uchragan. Erkaklar ayollarga qaraganda 1,8 marta ko‘proq kuchuklar qurboniga aylanganligi aniqlandi.
Psixologik test bezovtalanishga moyillik bilan itlar tishlashi xavfi o‘rtasidagi bog‘liqlikni namoyish etdi.
Izoh (0)