O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26-dekabr kuni Moskva shahrida bo‘lib o‘tgan MDH davlat rahbarlari kengashining norasmiy uchrashuvida ishtirok etdi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati ma’lum qildi.
Rossiya prezidentining Novo-Ogaryovo qarorgohida Shavkat Mirziyoyevni Vladimir Putin kutib oldi. Suratga tushish marosimidan so‘ng MDH davlat rahbarlarining uchrashuvi boshlandi.
Vladimir Putin davlat rahbarlarini tashrifi bilan qutlab, Rossiyaning MDHga raisligi yakunlari haqida to‘xtalib o‘tdi. Joriy yil o‘zaro integratsiyani mustahkamlash va tashkilot nufuzini oshirish bo‘yicha muhim ishlar amalga oshirilganini ta’kidladi.
Shavkat Mirziyoyev joriy yilda O‘zbekistonning MDH mamlakatlari bilan hamkorligi yanada mustahkamlanib, tovar ayirboshlash hajmi sezilarli oshganini ta’kidladi. O‘zaro manfaatli hamkorlik a’zo davlatlarni uzviy bog‘lab turishi, ushbu uchrashuv aloqalarga yangi sur’at bag‘ishlashini qayd etdi.
2018-yili Rossiyada bo‘ladigan voqealar muhim ahamiyatga ega ekani, Prezident saylovida Rossiya xalqi munosib nomzodga ovoz berajagi ta’kidlandi.
Uchrashuvda Hamdo‘stlik davlatlari o‘rtasida turli sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish, xavfsizlikni mustahkamlash, mintaqaga tahdid va xatarlarning oldini olish masalalariga e’tibor qaratildi.
Uchrashuvda tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.
Izoh (0)