2017-yil O‘zbekiston uchun siyosiy va iqtisodiy islohotlar yili bo‘ldi. Qo‘shni — Markaziy Osiyo mamlakatlari respublika tashqi siyosatidagi asosiy ustuvor vazifaga aylandi. Prezident Mirziyoyev va soha vazirlarining mintaqa davlatlari rahbarlari bilan ko‘p sonli uchrashuvlari bu haqda guvohlik beradi. Bu aloqalarning asosiy mavzusi — barcha sohalarda, birinchi navbatda, iqtisodiyotda hamkorlik. O‘zbekistonning mashhur iqtisodchisi Yuliy Yusupov Open Asia nashriga O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun bunday integratsiya nima uchun shunchalik muhimligi haqida so‘zlab berdi.
Mana bir yildan oshdiki, O‘zbekiston hukumati Markaziy Osiyo hududida faol integratsiya siyosatini yuritmoqda. Bu respublika uchun nega shu qadar muhim?
— O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari uchun hududiy integratsiya nima sababdan o‘ta foydali va zarur ekanligini maqolalarimda bir necha marta tushuntirib berganman. Qisqacha aytganda, argumentlar quyidagilar:
- Mintaqaviy integratsiya Markaziy Osiyo mamlakatlariga mehnatning hududlararo taqsimlanishidan qo‘shimcha foyda olish imkonini beradi.
Mintaqa mamlakatlari xalqaro mehnat taqsimoti va kooperatsiyasi afzalliklaridan foydalanishga asoslangan o‘zaro manfaatli iqtisodiy hamkorlik uchun katta zaxiralarga ega. Mintaqa mamlakatlari aksariyat ishlab chiqarish korxonalarining asosiy muammosi — ko‘lamda tejashdan foydalanish imkonini bermaydigan tor sotish bozorlari. Bozorning cheklanganligi kichik yarim hunarmandchilik ishlab chiqarishni yuzaga keltiradi. Ular esa har doim ham yaxshi sifatdagi mahsulotni ishlab chiqarmaydi. Mintaqaviy integratsiya sotish bozorini ancha kengaytirish imkonini beradi va yirik raqobatbardosh ishlab chiqarishning o‘sishini rag‘batlantiradi.
Bundan tashqari, turli mamlakatlar korxonalari harakatlarining klaster formatidagi kooperatsiyasi uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yuzaga keladi. Dunyoning yetakchi ishlab chiqaruvchilarining aksariyati bugungi kunda aynan klaster formatida ishlamoqda. Savdo to‘siqlarini bartaraf etish mintaqada xalqaro klasterlarni yaratish imkonini beradi. Klasterlar nafaqat ishlab chiqarish sektorida, balki sayyohlik sohasi, xalqaro transport yo‘laklarini yaratish va xalqaro transport infratuzilmasini barpo etishda ham yuzaga kelishi mumkin.
- Integratsiya mamlakatlarimizni xorijiy investorlar uchun yanada jozibador qiladi.
- Integratsiya raqobatni kuchaytirish imkonini beradi, bu esa mahsulotimiz raqobatbardoshligini oshirish uchun zamin yaratadi.
Mintaqaviy savdoni kuchaytirish, investitsiya va mehnat resurslarining davlatlararo ko‘chishi, Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikning boshqa shakllari milliy iqtisodiyotlar ichida raqobat muhitini kuchaytirishga qodir va bu bilan iqtisodiy taraqqiyot uchun qo‘shimcha impuls yaratadi.
Bu integratsiya jarayonida O‘zbekistonga qaysi rolni ajratasiz?
— Zamonaviy iqtisodiyotda yuzlab, hatto minglab tarmoqlar faoliyat yuritmoqda, o‘n, yuz million nomdagi tovar va xizmatlar, jumladan, xomashyo, ehtiyot qismlari, qurilma, tayyor mahsulot va boshqalar ishlab chiqarilmoqda. Bunday xilma-xillikda ishlab chiqaruvchilarimiz iqtisodiyotning deyarli istalgan sektorida o‘z “joyini” topishi mumkin. Asosiysi — o‘z iste’molchilarini topish yoki qo‘shimcha qiymat yaratishdagi xalqaro zanjirga qo‘shilish (masalan, biror-bir material turi yoki biror-bir detalni ishlab chiqarib). Shuning uchun o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilar aynan qayerda o‘zini topishini oldindan aniqlash imkonsiz.
Faqat bir qator vaziyatlar tufayli ular iqtisodiyotning quyidagi sektor va sohalarida nisbatan ustunlikka ega bo‘lishini taxmin qilish mumkin:
- to‘qimachilik sanoati (o‘z xomashyosi — paxta, jun, ipakka ega);
- meva-sabzavot mahsulotlarini ishlab chiqarish va qayta ishlash (sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi va qulay iqlim);
- kimyo sanoati va qurilish materiallarini ishlab chiqarish (yer ostida deyarli butun “Mendeleyev jadvali” bor);
- ishlab chiqarish kuchi yaratilgan va ma’lum bir tajriba to‘plangan sanoat tovarlarining ko‘plab turlarini ishlab chiqarish (salqin ichimliklar, oziq-ovqat mahsulotlarining ko‘plab turlari va ularga xomashyolar, mebel, oyoq kiyim, qadoqlar, tibbiyot buyumlari, sigaretalar, maishiy texnika va boshqalar);
- xizmatlar (turizm, logistika, transport, konsalting).
Markaziy Osiyo davlatlarining bir qismi — Qirg‘iziston va Qozog‘iston — Yevropa iqtisodiy ittifoqi a’zolari, qolganlari a’zo emas. Bu fakt mintaqaviy iqtisodiy integratsiya g‘oyasi bilan qanday mos keladi?
— Bir tomondan, mintaqa mamlakatlarining Yevroosiyodagi ishtiroki (Qozog‘iston, Qirg‘iziston) yoki Ittifoqqa qo‘shilishga intilishi (Tojikiston) ushbu mamlakatlar o‘rtasida iqtisodiy hamkorlik uchun to‘siqlarni bartaraf etish imkonini beradi, shuningdek, bu to‘siqlarni qanday bartaraf etish bo‘yicha boshqa mamlakatlarga yo‘nalish beradi.
Biroq, boshqa tomondan, bu mintaqaning Ittifoqqa kirmaydigan mamlakatlari, jumladan, O‘zbekiston bilan ham muzokara jarayonini bir muncha qiyinlashtirishi mumkin. Chunki Ittifoq ishtirokchilari tashqi iqtisodiy siyosatida erkin bo‘lmaydi.
Biroq bu mintaqaviy iqtisodiy integratsiya jarayoni uchun katta to‘siq deb o‘ylamayman. Xohish bo‘lsa har doim kelishish va mamlakatlarimiz o‘rtasidagi to‘siqlarni bartaraf etish mumkin.
Fikringizcha, Markaziy Osiyoning bundan keyingi integratsiyasiga qanday to‘siq va cheklovlar to‘sqinlik qilishi mumkin?
— Bu, birinchi navbatda, erkin savdo yo‘lidagi turli xil tarif va notarif to‘siqlardir. Jumladan, O‘zbekistonda hanuzgacha Markaziy Osiyo mamlakatlari tovarlari uchun ham import aksizlari qo‘llanilmoqda.
Hukumat mahalliy ishlab chiqaruvchilarga taqdim etayotgan imtiyozlar raqobat muhitini buzadi va qo‘shni mamlakatlar korxonalari uchun noteng sharoitlarni yuzaga keltiradi.
Odamlarning erkin harakatlanishini viza rejimlari (masalan, O‘zbekistonda Tojikiston va Turkmaniston bilan viza rejimlari amal qiladi), chet elliklarning kirishini ro‘yxatga olishning murakkablashtirilgan qoidalari (bu Qirg‘izistondan tashqari mintaqaning barcha mamlakatlariga xos).
U yoki bu shakldagi mintaqaviy iqtisodiy ittifoqni shakllantirish istiqbollarining imkoniyatlari qanaqa?
— Bunday ittifoqni tashkil etish mintaqaviy integratsiyaning majburiy sharti emas. Uni ikki tomonlama va ko‘p tomonlama muzokaralar va kelishuvlar asosida ham rivojlantirish mumkin. O‘rta muddatli istiqbolda Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi kabi ittifoqni tashkil etish ehtimoldan uzoq.
Izoh (0)