Prezident Shavkat Mirziyovning shu yil yanvar oyida Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi yakunlariga ko‘ra ishlab chiqilgan dasturga muvofiq, o‘tgan vaqt mobaynida sanoatni rivojlantirish borasida umumiy qiymati 160 milliard so‘mga yaqin 242 loyiha amalga oshirildi. Bu, o‘z navbatida, qariyb 4 mingta ish o‘rni tashkil etish imkonini berdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputatlari va faollari bilan bo‘lib o‘tayotgan uchrashuvda buni alohida ta’kidladi, deb xabar beradi O‘zA.
Qorao‘zak tumanidagi “Qoraqalpoq sement” korxonasida birinchi bosqichda yiliga 200 ming tonna sement, Nukus shahridagi “Texnik global” korxonasida Samsung brendi ostida yiliga 150 ming dona televizor, “Nukus polimer” korxonasida yiliga 8 ming tonna polietilen truba va xo‘jalik buyumlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
To‘rtko‘l tumanidagi “Vegateks global” korxonasida yiliga 5 ming tonna ip-kalava ishlab chiqarilmoqda.
Yil oxiriga qadar yana bir qator yirik korxonalar ishga tushiriladi. Jumladan, Mo‘ynoq tumanidagi “Mo‘ynoq tekstil” korxonasida yiliga 400 ming tayyor kiyim, Qorao‘zak tumanidagi “Titan sement” korxonasida yiliga 200 ming tonna sement ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.
Izoh (0)