Ukrainada “Getmankar” kompaniyasi yevropacha namuna bo‘yicha birinchi karshering xizmatini ishga tushirdi, deb yozadi “Autoconsulting.ua”. Ushbu xizmatni tashkil qilish uchun Ravon R2 avtomobillari tanlandi. Dastlabki 30 ta Ravon R2 mashinalarining kalitlarini tantanali tarzda topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu karshering xizmati avtomobillar parkidan iborat bo‘lib, ulardan birini vaqtinchalik olib turish, haydab bo‘lgach, uni o‘zingizga qulay joyda qoldirib ketishingiz mumkin. Avtomobilni qidirish, uni ochish va qulflash, xizmat uchun pul to‘lash smartfon orqali amalga oshiriladi. Bu mashinani ijaraga olishdan ko‘ra qulayroq, chunki bunda avtomobildan haqiqatda foydalanilgan vaqt uchungina pul to‘lanadi.
Ravon’ning rasmiy dileri bo‘lgan “TSM Inter-Avto” kompaniyasi 28-noyabr kuni “Ukr-O‘zAvto” distribyutorlik kompaniyasi bosh direktori Farhod Abdullayev ishtirokida “Getmankar” karshering operatoriga ilk 30 ta Ravon R2 avtomobillari kalitlarini topshirdi.
“Getmankar” kompaniyasi rahbari Taras Getmanskiy ma’lum qilishicha, da’vogarlar ichida boshqa markadagi avtomobillar ham bo‘lgan, ammo faqat Ravon R2 butun sinovlar majmuidan muvaffaqiyatli tarzda o‘tgan. Dastlab ularni avtomobilning narxi va unga xizmat ko‘rsatish qiymati jalb qilgan, keyinchalik ijobiy jihatlari yanada ko‘proq bo‘lib chiqqan. Yakuniy qarorga kelish uchun bitta Ravon R2 sotib olingan va unda 4 oy yurib ko‘rishgan. Uni mijozlarga ijaraga berib, ularning fikrlarini o‘rganib chiqishgan. Ravon R2 ularning barcha ishonchlarini oqlagan.
Taras Getmanskiyning so‘zlariga ko‘ra, maqbul narxi va ekspluatatsiya xarajatlari bilan birga, avtomatik uzatish qutisi ham Ravon R2 foydasiga ishlagan. Uning hajmi ham tirband shahar ko‘chalarida manyovr qilish va to‘xtash uchun to‘g‘ri keladi, dedi Getmanskiy.
Izoh (0)