Tumov, oshqozonning bakteriyali yallig‘lanishi, esnash kabi atrofdagilardan oson yuqadigan narsalar haqida yaxshi bilamiz. Lekin yuqumlilar ro‘yxatidan mutlaqo kutilmagan ajoyib narsalar ham o‘rin olganini bilasizmi?
Bu maqolada shunday narsalar haqida so‘z yuritamiz.
Sovqotish
Sovuqdan qaltirayotgan odamni ko‘rishimiz bilan, biz ham beixtiyor sovqota boshlaymiz. PLOS ONE shu mavzuda tajriba o‘tkazib, ishtirokchilarga muzdek suvga sho‘ng‘iyotgan odamlar aks ettirilgan videolavhani namoyish etdi, natijada ishtirokchilarning qo‘llari sezilarli darajada sovidi. Olimlar bu jarayonni tug‘ma sotsiallik degan tushuncha bilan izohlashadi, ya’ni bizda tug‘ma hamdardlik hissi mavjud bo‘lib, shu his tufayli qiynalayotgan odamga yordam berish istagi paydo bo‘ladi.Baxt
O‘zlarini baxtli his qilayotgan insonlar bilan muloqotda bo‘lsak, bizning ham hayotga bo‘lgan munosabatimiz yaxshilanib, o‘zimizni baxtli his qila boshlar ekanmiz. O‘z navbatida biz ham baxtni boshqalarga yuqtira olar ekanmiz. Statistics in Medicine’ning ma’lumotlariga ko‘ra, sizdagi ko‘tarinki kayfiyat boshqalarda ham xuddi shunday holat paydo bo‘lishiga olib kelar ekan. Bunday yuqumlilik foizlarda aks ettirilsa, do‘stlar o‘rtasida 25%, juftlar o‘rtasida 8%, qo‘shnilar orasida 34% hollarda namoyon bo‘lar ekan.Semizlik
Afsuski, og‘ir vaznlilik ham yuqumli narsalar ro‘yxatida mavjud. New England Journal of Medicine hisobotida aytilishicha, og‘ir vaznli odamning atrofidagi do‘stlari, turmush o‘rtog‘i, qarindoshlarida ham ma’lum darajada semirishga moyillik paydo bo‘lar ekan. Chunki yaqinlarimizdan kimdir og‘ir vaznli bo‘lsa, unga ko‘zimiz o‘rganib, semizlik muammo emasdek tuyulib, me’yoridan ortiq ovqat yeyish mumkin emasligini esdan chiqara boshlar ekanmiz.Ozish
Obesity jurnali o‘tkazgan tajriba juda qiziq: ozishni istagan semizlar 2 guruhga bo‘linib, birinchi guruh hali ozish bo‘yicha yutuqqa erishmagan og‘ir vaznlilar bilan birga, ikkinchi guruh esa ancha ozib qolganlar bilan birga 12 hafta davomida fitnes bilan shug‘ullanishgan. Ikkinchi guruh a’zolari vazn tashlash bo‘yicha ko‘proq yutuqqa erishishgan.Kariyes
Farzandingizning tishlarida kariyes paydo bo‘lsa, uni ko‘p shirinlik yeyishda ayblashdan oldin bilib qo‘ying, tish emalini yemiruvchi bakteriyalar onadan bolaga qoshiq yoki vilka yoki shunga o‘xshash buyumlar orqali o‘tishi mumkin!Saxiylik
Kimgadir beg‘araz moddiy yordam bersangiz, o‘z navbatida u odamda ham saxiylik uyg‘onib, birovga beg‘araz yordam ko‘rsatish istagi paydo bo‘lishi tajribalarda isbotlangan.Telefonomaniya
Birovning telefonda gaplashayotganini yoki xabar jo‘natayotganini ko‘rsangiz, sizning ham qo‘lingizga telefoningizni olish ehtimoli 40% ga oshar ekan. Bu narsa Human Ethology Bulletin o‘tkazgan tajribalarda isbotlangan.Manba: “Zdorovie.com”
Izoh (0)