O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida oktabr oyi boshida Toshkent yuridik kollejida bo‘lib o‘tgan qonli hodisa haqida to‘xtalib o‘tgan edi.

Prezident aslida qonun himoyachilarini tayyorlaydigan ta’lim muassasasi o‘quvchilari yonida ochiqdan ochiq pichoq olib yurgani va bu vosita yordamida noqonuniy xatti-harakatlar qilayotganiga e’tiborni qaratgan.

Toshkent yuridik kolleji o‘quvchilari dars vaqtida kollej hovlisida o‘zaro janjallashib, pichoqbozlik qilishi oqibatida ularning biri vafot etgan, biri esa og‘ir tan jarohati olgan.

E’tibor bering, qonun himoyachisini tayyorlashga mas’ul bo‘lgan dargoh o‘quvchilari og‘ir jinoyat sodir etgan. O‘quvchi ochiqdan ochiq yonida pichoq olib yursa, unga hech kim indamasa, nazorat qilmasa, bunga kim javob beradi?

Kollej sobiq direktori Temirova ushbu holatga yo‘l qo‘ygani hamda juda ko‘p miqdorda kollej mablag‘larini o‘zlashtirish, mansabini suiiste’mol qilish kabi jinoyatlarni sodir etgani uchun bugun qonun oldida javob beryapti.

Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekiston Prezidenti

Uchtepa tumanida joylashgan Toshkent yuridik kollejida 6-oktabr kuni o‘quvchi Saidkamron Saidvohidov o‘zaro kelishmovchilik oqibatida ikki kursdoshi — Asadbek Parpiboyev va Rahmatilla Yorqoriyevga pichoq tiqib olgan. Hodisa oqibatida Parpiboyev vafot etgan, Yorqoriyev og‘ir tan jarohati olgan.

Hodisa yuzasidan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “d” bandi (jabrlanuvchining o‘lishiga sabab bo‘lgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 7-oktabr kuni kollej direktori Natalya Temirova ishdan olindi, keyinroq unga nisbatan jinoyat ishi ochilgani ma’lum bo‘ldi.