Bir necha o‘n yil davomida olimlar AQShning “O‘lim Vodiysi” (Death Valley) milliy bog‘idagi Racetrack Playa qurib qolgan ko‘l tubida o‘zidan keyin iz qoldiruvchi toshlarni nima harakatga keltirayotganligini tushuntira olmadi. Ralf Lorensga bu favqulodda hodisani tushuntirib berish uchun oshxona stolida o‘tkazilgan birgina tajriba yetarli bo‘ldi, deb yozadi “Fotoshedevr”.
Racetrack Playa — tog‘lar bilan o‘ralgan qurib qolgan ko‘l. Ko‘l Kaliforniyadagi “O‘lim Vodiysi” milliy bog‘ining shimoli-g‘arbiy qismida joylashgan.
Yozda uning tubi yoriqlar, qishda esa ba’zan qor, ba’zan muz bilan qoplanadi. Biroq peyzajning eng qiziqarli qismi o‘nlab sochilib yotgan tosh, ular ortidan samolyot inversion izini eslatuvchi cho‘zilib yotgan egatlardir.
Bu izlarning ba’zilari bir metrlik to‘g‘ri chiziq, boshqalari esa 120 metrdan ortiq uzunlikdagi zigzagsimon chiziqlardir.
“Bu ‘sirg‘anuvchi toshlarga’ qarab, bir nechta bir-biriga to‘g‘ri kelmaydigan fakt ustida o‘ylanasan, — deb yozadi maqola muallifi Jozef Stromberg. — Birinchisi: bu toshlar go‘yo o‘z iroda kuchi bilan harakatlanib, ko‘lning tekis tubi bo‘ylab joyini o‘zgartirgandek; ikkinchisi: umuman olganda, toshlar harakatlana olmaydi”.
Magnetizm, o‘zga sayyoraliklar va sirli energetik maydon — toshlar siljishini tushuntiruvchi aksariyat nazariyalar ancha ma’nisiz. Biroq bu bog‘ tashrif buyuruvchilariga ularga sodiqlik bilan ishonishlariga to‘sqinlik qilmaydi. Bog‘ kuzatuvchisi Alan van Valkenburgning so‘zlariga ko‘ra, “sehrli” toshlar parchasini olib ketishga tez-tez urinadi. Biroq toshlar ko‘l tubidan olib ketilishi bilan, butun “sehri g‘oyib bo‘ladi”.
Olimlar toshlar joyi o‘zgarishining ilmiy asoslarini topishga ko‘p marta uringan. 1948-yilda geologlar Jim Makkalister va Allen Agnyu harakatlanish chang bo‘ronlari va qurigan ko‘lning vaqti-vaqti bilan suvga to‘lishiga bog‘liq degan fikrga keldi. To‘rt yildan so‘ng boshqa geolog ular gipotezasiga qarshi chiqdi: u qurigan ko‘l bir qisimini suvga to‘ldirib, kuchli havo oqimini hosil qilish uchun parrakli samolyotdan foydalandi. Natijalar ishonchsiz bo‘ldi.
Yana bir mashhur nazariya qurigan ko‘l tubida qishda muz qoplamining paydo bo‘lishiga borib taqaldi. 1970-yillarning boshida geologlar Robert Sharp va Duayt Keri toshlarni yog‘och qoziqchalar bilan o‘rab qo‘ydi va muz ularga yopishib qolib, toshlar harakatlanishini to‘xtatishini taxmin qildi. Shunga qaramasdan, ba’zi toshlar to‘siqlarni “chetlab o‘tishga” erishdi. Geologlar Racetrack Playa’ga tez-tez tashrif buyurganligiga qaramasdan, toshlarning harakatlanish jarayoniga guvoh bo‘la olmadi.
Gempshir kolleji professori Jon Rid toshlarni o‘rganish uchun 1987-yildan 1994-yilga qadar har yili talabalar guruhini “O‘lim Vodiysi”ga olib keldi. Uning bu borada o‘z nazariyasi bor edi: izlarning ko‘pchiligi parallel bo‘lganligi tufayli u toshlar yirik muz qatlamlari ichida harakatlangan degan fikrda edi. Muz qatlamlari esa o‘z navbatida kuchli shamollar ta’sirida sirpangan. Bu taxmin Kaliforniya shtati universiteti geologi vajlari tufayli yo‘qqa chiqdi. Pola Messina GPS yordamida izlarning raqamli xaritasini yaratdi va ularning aksariyati aslida parallel emasligini aniqladi.
Toshlar harakatlanishi sababini aniqlash bo‘yicha qidiruv ishlari unga Jon Xopkins universitetining sayyoralar bo‘yicha mutaxassisi Ralf Lorens kirishgandan so‘ng oldinga ilgariladi. U 2006-yilda “O‘lim Vodiysi”da NASA bilan birgalikdagi loyiha doirasida sirpanuvchi toshlar haqida ma’lumotga ega bo‘ldi va ularni nima harakatlantirishini aniqlashga qaror qildi.
Yerning boshqa burchaklarida toshlarning siljish holatlarini o‘rganib chiqqan Lorens muzning ko‘tarish kuchi hisobidan arktik plyajlarga chiqib qolgan ulkan yumaloq toshlar haqida bilib oldi. Bu holat va qurigan ko‘lda yuz beradigan hodisa o‘rtasidagi bog‘liqlikni tekshirish uchun oshxonasida tajriba o‘tkazdi.
Kichkina toshni olib, plastik konteynerga soldi va uni toshning kichik qismi chiqib turadigan qilib suv bilan to‘ldirdi. Konteynerni muzlatkichga qo‘ydi. Shundan so‘ng muz bo‘lagidan tosh chiqib turgan tomonini pastga qaratib, tubida qum yotgan suvli patnisga tushirdi. Taxmin qilinganidek, yengil shamol esishi bilan muzga yopishib qolgan tosh qumda iz qoldirib sirpana boshladi.
2011-yilda yangi model ilmiy hisobotda tasvirlandi.
“Aslida tosh atrofida muz parchasi shakllanadi va suyuqlik sathi o‘zgaradi, natijada tosh loydan qalqib chiqadi, — deya tushuntiradi Lorens. — Bu suzuvchi muz parchasining pastga qaragan sirti unga yumshoq loyda egat qazish imkonini beradi”. Hisob-kitoblar shuni ko‘rsatadiki, bu ssenariy bo‘yicha muz suv bilan deyarli hech qanday ishqalanishga kirishmaydi, shuning uchun toshlar yengil shamol tufayli ham sirpanishi mumkin.
Racetrack Playa tashrif buyuruvchilari orasida bunday oddiy tushuntirishga qarshi chiqadiganlar ham bor.
“Odamlarga sirli narsalar, javobsiz savollar yoqadi”, — deya kuzatuvchi van Valkenburgning so‘zlarini keltiradi Jozef Stromberg.
Izoh (0)