Kaliforniyalik mustaqil ixtirochi Mayk Xyuz o‘z raketasida 25-noyabr kuni kosmosga uchishni rejalashtirgan. Amerikalikning Yer tekis ekanligiga ishonchi komil, shuning uchun u kosmosga ko‘tarilib, buni o‘z ko‘zi bilan ko‘rmoqchi. Bu haqda TJournal xabar berdi.

Foto: TJournal

61 yoshli Xyuz o‘z raketasini bir necha yildan buyon yasamoqda va unga qariyb 20 ming dollar sarflagan. O‘tmishida u kaskadyorlik qilgan va limuzin haydovchisi bo‘lgan. Kashfiyotchining so‘zlariga ko‘ra, 25-noyabr, shanba kuni uning raketasi soatiga 800 kilometr tezlik bilan osmonga ko‘tariladi.

Xyuz Waldo Stakes kompaniyasiga qarashli besh kilometrli hududni ijaraga olgan. Raketa qismlarini esa metall sexlaridan topgan va olibsotarlardan esa samolyot qismlarini olgan. Ixtirochi dvigatelni Craigslist saytida sotib olgan, raketa korpusini esa och qizil rangga bo‘yagan. Qo‘nish uchun esa kabinadagi o‘rindiqqa parashut mahkamlangan.

Raketa uchishi bilan bir vaqtda Xyuzning Kaliforniya gubernatorligi uchun saylovoldi kampaniyasi boshlanadi. Ixtirochi biror hodisa yuz berishi ehtimolini hisobga olib, o‘zining to‘rtta mushugiga ko‘proq yegulik qoldirib ketishga va’da bergan.

2014-yilning yanvar oyida Xyuz o‘zi yasagan raketani uchirgan. Raketa 400 metr balandlikka ko‘tarilib, cho‘lga qulab tushgan. Ixtirochi kichik jarohatlar olgan va uch kun shifoxonada yotgan.