Janubiy Koreyaning yana bir oliy ta’lim muassasasi Toshkent shahrida o‘z filialini ochadi. Toshkent shahar hokimiyati delegatsiyasining Janubiy Koreyaga 16–18-noyabr kunlari amalga oshirgan tashrifi doirasida bu borada kelishuvga erishildi, deb xabar berdi “Daryo”ga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot xizmati.
Tashrif davomida delegatsiya Yeoju Institute of Technology rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuv davomida ushbu institutning Toshkent shahrida filialini ochish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Ushbu institut Yoje shahrida joylashgan bo‘lib, 31 gektar maydonga ega va mamlakatdagi eng katta texnologik o‘nta oliy ta’lim muassasalaridan hisoblanadi. Bugungi kunda ta’lim olayotgan talabalarning soni 6 mingdan oshadi. Ushbu o‘quv dargohida xalqaro ta’lim standartlari asosida elektronika, arxitektura, qurilish, dizayn, yer kadastri, muhandislik hamda marketing yo‘nalishlarida ta’lim beriladi.
Toshkent shahar hokimiyati ayni damda bo‘shatilayotgan kollejlardan birining binosini ushbu institut uchun ajratishni ko‘zda tutgan. O‘z navbatida, Koreya tomoni yaqin kunlarda OTMni tashkil etish maqsadida ishchi guruhini Toshkent shahriga yuborishga tayyor.
Institutga birinchi qabul jarayoni 2018-yilning 1-sentabr kuniga mo‘ljallangan.
Izoh (0)