O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “O‘zbek milliy maqom san’atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni qabul qildi, deb xabar berdi O‘zA.

Foto: O‘zbekiston mumtoz musiqasi

Shu bilan birga, qaror bilan O‘zbek milliy maqom san’atini yanada rivojlantirishga doir chora-tadbirlar dasturi va mazkur dasturni amalga oshirish bo‘yicha Respublika komissiyasi tarkibi tasdiqlandi.

O‘tgan davr mobaynida O‘zbekistonda maqom san’atini o‘rganish va rivojlantirish borasida muayyan ishlar amalga oshirildi. Ayniqsa, o‘zbek “Shashmaqom”i nota matnlarining nashr etilishi va ularga muvofiq ravishda maqom kuy-qo‘shiqlarining magnit lentalarga yozib olinishi ulkan ilmiy-madaniy ahamiyatga ega voqea bo‘ldi.

Qarorda hozirgi kunda respublikada Yunus Rajabiy nomidagi Maqom ansambli, hududlarda maqom jamoalari, O‘zbekiston davlat konservatoriyasida shu yo‘nalishda maxsus kafedra faoliyat ko‘rsatayotgani, sohaga oid ilmiy izlanishlar olib borilayotganini alohida qayd etildi.

O‘zbek milliy maqom san’ati markazini tashkil etish taklifi ma’qullandi va uning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:

  • O‘zbekistonda maqom san’atini yanada rivojlantirish, bu borada shakllangan ijro va ijodiy maktablar va an’analarni, buyuk bastakorlar, hofiz va sozandalar merosini chuqur ilmiy asosda o‘rganish va qayta tiklash;
  • o‘zbek maqom san’ati mumtoz va zamonaviy ijro namunalarining “oltin fondi”ni yaratish;
  • xalqimiz, xususan, yosh avlodni maqom san’ati bilan keng tanishtirish orqali ularda milliy o‘zlikni anglash tuyg‘usi yuksak badiiy-estetik did va tafakkurni kamol toptirish;
  • maqom san’ati bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borish va targ‘ib qilish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish;
  • mumtoz musiqa merosimiz namunalarini notaga olish, mavjud yozuvlarni takomillashtirish va amaliyotga joriy etish, maqom san’atining ijtimoiy-tarixiy ildizlari, ilmiy-nazariy negizlari, milliy va umumbashariy qadriyatlar bilan bog‘liq jihatlarini yurtimiz olimlari va chet ellik mutaxassislar ishtirokida chuqur o‘rganib, yangi ilmiy tadqiqotlar yaratish;
  • maqom san’atining ko‘p asrlik ijro yo‘llarini puxta o‘zlashtirib, ularni yangicha usullar bilan boyitib, yosh avlod vakillariga o‘rgatib kelayotgan maqomchilar, maqomshunos ilmiy-pedagog olimlar va mutaxassislar, Maqom markazi xodimlari faoliyatini moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash;
  • yurtimizda maqom san’ati bo‘yicha xorijiy yetuk ijrochilarning o‘zaro tajriba almashuvi, mahorat darslari hamda turli xalqaro maqom anjumanlari va tanlovlarini tashkil etish;
  • respublika hududlarida taniqli maqom ijrochilarining konsertlarini va mahorat darslarini tashkillashtirish;
  • maqom san’atini radio-televideniye, ommaviy axborot vositalari va Internet orqali O‘zbekiston va chet ellarda keng targ‘ib etish.

Shuningdek, Madaniyat vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Moliya vazirligiga O‘zbekiston davlat konservatoriyasining Musiqiy sharqshunoslik kafedrasi negizida “O‘zbek maqomi tarixi va nazariyasi” kafedrasini tashkil etish, viloyatlardagi pedagogik oliy ta’lim muassasalarining musiqiy ta’lim yo‘nalishida maqom san’atini maxsus fan sifatida o‘qitishni joriy etish bo‘yicha vazifalar qo‘yildi.

Maqom yo‘nalishida ijod qilib kelayotgan ijodiy jamoalar, ansambllar 2023-yilgacha barcha soliq to‘lovlaridan ozod etildi.