“O‘zbekkino” milliy agentligi va O‘zbekiston kinochilar birlashmasi bastakor Vladimir Baramikov 68 yoshida vafot etganini ma’lum qildi. Bu haqda 1News xabar bermoqda.
Dafn marosimi ertaga, 15-noyabr kuni soat 12:00 da bo‘lib o‘tadi.
Musiqachi, bastakor, ovoz rejissori, prodyuser, UNA Records studiyasi bosh direktori Vladimir Baramikov 1949-yil 3-may kuni Toshkentda tug‘ilgan. 1974–1978-yillarda Qarshi davlat musiqa ta’lim dargohining musiqa nazariyasi sinfini, 1985–1991-yillarda Toshkent davlat madaniyat institutining ommaviy bayramlar rejissori fakultetini tamomlagan.
1978-yili “O‘zbekkonsert” konsert birlashmasiga ishga taklif qilingan. U yerda “Sado” ansamblini yaratgan.
Jamoa tarkibiga Kumush Razzoqova, Aziza Muhamedova va Mila Romanidi uchligi kirdi. 1982-yildan boshlab ansambl dunyoning ko‘plab mamlakatlarida, jumladan, Madagaskar, Seyshel orollari, Tanzaniya, Ruanda, Efiopiya, Vyetnam, Laos, Germaniya, Avstriya, Shveysariya, Afg‘onistonda gastrol safarlarida bo‘ldi.
1987-yildan Vladimir Baramikov “Navo” ansambliga boshchilik qildi, 1992-yildan esa UNA Records studiyasi direktori hamda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Kumush Razzoqovaning prodyuseriga aylandi.
Baramikov 150 dan ortiq hujjatli va badiiy filmlar uchun original musiqalar yozdi.
Izoh (0)