Qozog‘iston Favqulodda vaziyatlar qo‘mitasi mamlakatda sentabr oyida radiatsiya sizib chiqishiga sabab bo‘ladigan hodisa yuz bermaganini ma’lum qildi. Bu haqda "Kommersant" xabar bermoqda.

Avvalroq Fransiyaning yadroviy va radiatsiyaviy xavfsizlik instituti (IRSN) sentabr oyida Rossiya yoki Qozog‘iston hududida yuz bergan radiatsiyaviy sizib chiqish oqibatida Yevropa uzra radiatsiya buluti paydo bo‘lgani haqida axborot bergan edi.

Nashrning vaziyatdan boxabar suhbatdoshi so‘zlariga ko‘ra, mazkur ro‘yxatga Qozog‘istonning ham kiritilgani hayratlanarli, chunki “mamlakat hududida yadroviy yonilg‘i qayta ishlash bo‘yicha korxonalar yo‘q va hech qachon bo‘lmagan ham”.

Radiatsiya yadroviy tibbiyot markazlaridan sizib chiqqani ehtimoli haqida fikr bildirarkan, "Kommersant"ning manbasi “bunday ko‘lamdagi avariyaning sezilmay qolishi imkonsiz” ekaniga e’tiborni qaratdi.

Bundan tashqari, tibbiyot muassasalari IRSN hisobotida qayd etilgan ruteniy emas, balki niobiy izotoplaridan foydalanadi.

Qozog‘istondan avvalroq Rossiya tomoni ham o‘z hududida radiatsiya sizib chiqishi yuz bermaganini ma’lum qilgan edi.