Xalqaro mehnat tashkiloti eksperti Jizel Mitton paxta yig‘im-terimi davrida bolalar mehnati va majburiy mehnatning oldini olishga qaratilgan xalqaro huquqiy normalar ijrosini monitoring qilish maqsadida Buxoro viloyatida bo‘ldi. Bu haqda Uz24 xabar berdi.
Viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasida monitoring yakunlariga bag‘ishlab o‘tkazilgan davra suhbatida davlat va jamoat tashkilotlari, kasaba uyushmalari faollari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirda XMT vakili bolalar mehnati va majburiy mehnatni tartibga solish bo‘yicha xalqaro qonunchilik me’yorlari haqida ma’lumot berdi. O‘n kun davomida viloyat korxona va tashkilotlari, tibbiyot, ta’lim muassasalari, fermer xo‘jaliklarida bo‘lib, soha rahbarlari, sog‘liqni saqlash tizimi xodimlari, o‘qituvchilar, oddiy fuqarolar bilan uchrashuvlari yakunlari haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Xalqaro ekspert uchrashuvlarda fuqarolar, ayniqsa, yoshlarning mehnat qonunchiligidan yaxshi xabardorligi, o‘z haq-huquqini bilishi katta taassurot qoldirganini, bolalar mehnatidan foydalanish va majburiy mehnatga doir noqonuniy holatlarga duch kelmaganini ta’kidladi.
Izoh (0)