Milliy matbuot markazida “Qishloq qurilish bank” aksiyadorlik tijorat banki va “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasi hamkorligida matbuot anjumani o‘tkazildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
“2009–2016-yillar davomida 69557 ta namunaviy loyihalar bo‘yicha yakka tartibdagi uy-joy qurildi, — dedi ‘Qishloq qurilish invest’ bosh direktori o‘rinbosari Fayzullo Islomov. — Natijada qishloqlardagi 83,5 mingdan ortiq oilaning yashash sharoiti yaxshilandi. Biroq, qurilish tashkilotlari aybi bilan sifatsiz qurilgan uylar ham bor. Aholidan bu uylarning sifati borasida tushgan noroziliklar o‘rganilib, kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan bir qator qurilish tashkilotlari javobgarlikka tortildi. Xususan, 2016-yilda 17 pudrat tashkilotining ishi sudga oshirilgan”.
Mutaxassislarning qayd etishicha, sifat borasidagi muammolarning oldini olish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish uchun uy-joylarni qurish bilan shug‘ullanayotgan korxonalarning 5 foiz mablag‘i bir yildan keyin ularning hisobraqamiga o‘tkazib beriladi. Bu mablag‘ning ushlab turilishiga sabab, agar shu davrda yangi uy-joyda yashayotgan aholidan sifat borasida murojaatlar tushsa, mablag‘ ta’mirlash ishlariga sarflanadi. Bunday shikoyatlar bo‘lmagan taqdirda yillik muddatdan keyin qurilish tashkiloti bu mablag‘ni qaytarib olishi mumkin.
“Namunaviy loyihadagi uylar mamlakatimizda ishlab chiqarilgan zamonaviy qurilish materiallari asosida barpo etilayotgani bois narxlar nisbatan arzon, — dedi ‘Qishloq qurilish invest’ bo‘lim boshlig‘i Oybek Kamolov. — Qurilishda qatnashayotgan ishlab chiqaruvchi va quruvchi tashkilotlarning barchasiga bojxona va soliq borasida imtiyozlar berilgani ham ayni muddao”.
Matbuot anjumanida uy-joylar sifatini yanada yaxshilash maqsadida yangi maxsus komissiya tashkil etilayotgani qayd etildi.
Izoh (0)