22-oktabr kuni Toshkentda fuqarolar D. Rustamova, F. Jomalov va yana uch noma’lum shaxs bosqinchilik yo‘li bilan o‘zganing mol-mulkini talon-taroj qilish maqsadida jinoyatga qo‘l urdi. Bu haqda “Telegraf.uz” xabar bermoqda.
Aytilishicha, ular Chilonzor tumanida Bangladeshning uch nafar fuqarosiga hujum qilib, pichoq bilan qo‘rqitib, ularning 4400 dollarlik mol-mulklari, shuningdek, 700 dollar va 500 ming so‘m miqdoridagi pulini egallab olib, jinoyat joyidan yashiringan.
Holat yuzasidan JKning 164-moddasi 2-qismi “b”, “v” bandlari (bosqinchilik, ya’ni bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib, ancha miqdordagi o‘zganing mulkini talon-taroj qilish maqsadida hujum qilish) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Hozirda dastlabki tergov harakatlari davom ettirilib, ularning boshqa jinoyatlarga aloqadorliklari tekshirilmoqda.
Izoh (0)