StarNews nashri amerikalik sayyoh Chak Penningtonning O‘zbekiston haqidagi xotiralari bilan o‘rtoqlashdi.
“Chak Pennington sayyoh sifatida har yili ikki-uch marta sayohatga chiqishga harakat qiladi. O‘tgan yil sentabrida Markaziy Osiyodagi sobiq sovet respublikasi — O‘zbekistonga yo‘l oldi”, — deyiladi materialda.
“Hammasi Penningtondagi Buxoro gilamidan boshlandi. O‘ttiz yil muqaddam bu gilamni sayyoh 6 ming dollarga sotib olgan edi”.
Pennington O‘zbekistonning madaniyati va tarixiga katta qiziqish bildirish bilan birga, uning tabiatini ham maqtadi, jumladan, cho‘l o‘rtasidagi ko‘lda cho‘milganini gapirib berdi.
Pennington Shvetsiya, Yaponiya, Daniya va boshqa davlatlar fuqarolari bilan birga O‘zbekistonga tashrif buyurdi.
“Men safarim davomida boshqa biror amerikalikni uchratmadim, — dedi u. — Men uchratgan ko‘pchilik O‘zbekiston fuqarolari hech qachon amerikaliklarni ko‘rmagan ekan. Meni juda iliq kutib olishdi. O‘zimni yulduzlarday his etdim”.
Pennington sayyohlar orasida O‘zbekiston xavfsiz emas degan yanglish fikr yurishini ta’kidlab o‘tdi:
“U yerda xavf sezmadim. Aksincha, o‘zimni xavfsizlikda his etdim”.
“O‘zbekiston madaniyatga, san’atga limmo-lim. Hatto piyodalar yo‘lkalari ham san’at asarlaridir. Qo‘lda geometrik shakllar bilan yorqin naqsh berilgan plitkalar Penningtonni maftun qilib qo‘ydi”, — xulosa qilinadi materialda.
Izoh (0)