O‘zbekiston milliy terma jamoasining ikki yetakchi futbolchisi to‘p surayotgan BAA chempionatida 5-tur bellashuvlari bo‘lib o‘tdi.
6 yil davomida “Ash-Shabab” sharafini himoya qilib, yangi mavsumni debyutant “Ajman” safida boshlagan Aziz Haydarov yangi klubidagi ilk golini urdi. Mazkur gol “Ajman”ga mavsumdagi ilk g‘alabani taqdim etdi. Bungacha jamoa ketma-ket 4 ta uchrashuvda imkoniyatni boy bergandi.
Aziz Haydarov “Ajman”ning asosiy figuralaridan biri hisoblanadi. U ortda qolgan 5 ta uchrashuvda asosiy tarkib a’zosi sifatida maydonga chiqib keldi.
Sardor Rashidov to‘p suradigan “Al-Jazira” esa mavsumni ishonchli boshlay olmadi. Uning hisobida 5 ta turdan keyin faqatgina 1 ta g‘alaba bor. Qatar Yulduzlar Ligasidan Sardor Rashidovni chaqirtirib olgan Amirlik chempionatining amaldagi chempioni, turnir jadvalining ekvatoridan ham pastroqda joylashgan.
Klubning gollandiyalik bosh murabbiyi Sardor Rashidovni ortda qolgan 5 ta uchrashuvning 2 tasidagina asosiy tarkibda ko‘rishni istadi. O‘zbekistonlik futbolchi keyingi o‘yinlarda zaxiradan maydonga tushishni boshladi. Jumladan, golsiz durang bilan yakuniga yetgan uchrashuvda ham Rashidov 70-daqiqaga kelib o‘rindiqdan ko‘tarildi.
“Al-Jazira” BAA chempioni sifatida 6-dekabr kuni start oladigan klublar o‘rtasidagi Jahon Chempionatida ishtirok etadi. Ketma-ket ikki g‘alaba “Al-Jazira”ga Madridning “Real” klubi bilan to‘qnash kelish imkoniyatini beradi.
Izoh (0)