Yevropa Chempionlar Ligasining “A” guruhida kurash olib borayotgan “Manchester Yunayted” futbol klubi uchinchi o‘yindagi uchinchi g‘alabasini qo‘lga kiritdi.
Joze Mourinyo o‘zining shogirdlaridan biri bo‘lgan Ruy Patrisiu boshqaradigan “Benfika” mehmoni bo‘lib, Markus Reshfordning yagona goli sabab zafar quchdi — 1:0. Bungacha “qizil iblislar” ketma-ket ikki yirik g‘alabani qo‘lga kiritgandi.
Shu kuni “Benfika” bosh murabbiyi 1999-yilda tavallud topgan darvozabon Mile Svilarni maydonga tushirdi. Bu Chempionlar Ligasida to‘p surgan eng yosh darvozabon bo‘yicha Iker Kasilyasning rekordini yangilash edi. Gol ham aynan tajribasiz posbonning xatosidan so‘ng “Benfika” darvozasiga kiritildi.
Mavsumni APLda 5-o‘rinda yakunlagan va Yevropa Ligasidagi g‘olibligi evaziga Chempionlar Ligasiga qaytgan “Yunayted” pley-off uchun katta qadam tashlay oldi. Ikkinchi davraning 2 ta o‘yini “Old Trafford”da o‘tishi inobatga olinsa, Mourinyo jamoasi bu borada muammoga duch kelmasligi katta ehtimol.
Guruh bosqichini “Benfika” maydonidagi g‘alaba bilan boshlagan Moskvaning “SSKA” klubi 2-turda “Yunayted”dan 4 ta gol o‘tkazib yuborgandi. “Armiyachilar” bu safar o‘z maydonlarida “Bazel”ga ham imkoniyatni boy berdi — 0:2.
Bir kun oldin Moskvaning boshqa bir klubi “Spartak” Ispaniyaning “Sevilya” klubi postiga 5 ta gol urib, rossiyalik futbol muxlislarini samoga olib chiqqandi. Bir kun o‘tib esa “SSKA” ularni o‘sha samodan pastga olib tushdi.