“MDHning biz avval ishtirok etmagan qator soha tashkilotlari faoliyatiga qo‘shilishga tayyormiz”. Shavkat Mirziyoyevning MDH sammitidagi nutqi (video)

11-oktabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Sochida bo‘lib o‘tgan MDH davlatlari rahbarlari kengashi sammitida ishtirok etdi va nutq so‘zladi. Bu haqda Uz24 xabar berdi.

Foto: O‘zA

Davlat rahbari o‘z nutqida O‘zbekiston Hamdo‘stlik mamlakatlari bilan savdo-iqtisodiyot, investitsiya, transport, turizm, ilm-fan, ta’lim va xavfsizlik sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdorligini ta’kidladi.

“MDHning biz avval ishtirok etmagan qator soha tashkilotlari faoliyatiga qo‘shilishga tayyormiz. Bizning asosiy maqsadimiz — MDHda O‘zbekiston siyosatini faollashtirish bo‘yicha ‘yo‘l xaritasi’ni ishlab chiqishdir. Ishonchim komilki, bu bizning munosabatlarimizda yangi sahifa ochishga imkon beradi va ko‘p tarmoqli hamda samarali hamkorlikni kengaytiradi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident O‘zbekiston 2020-yilda MDHga raislik qilishga va navbatdagi sammitni Toshkentda o‘tkazishga tayyorligini qayd etdi.

Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, O‘zbekistonning MDHdagi oltita ahamiyatga molik jihatlarni sanab o‘tdi:

1. Hamkorlik maydonida “biror mustasnoliklar va to‘siqlarsiz” erkin savdo hududlarini shakllantirish;

2. MDH maydonida samarali transport tizimini rivojlantirish;

3. Amaldagi ilmiy-texnikaviy hamkorlikni va ta’lim almashinuvini kengaytirish;

4. Sayyohlik sohasini rivojlantirish;

5. Harbiy-texnikaviy sohada kooperatsiya darajasini oshirish, hamkorlikdagi dasturlar va loyihalarni ishlab chiqish;

6. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar va maxsus xizmatlar bilan jinoyatchilik, terrorizm, narkotik vositalarning noqonuniy aylanishi va odam savdosiga qarshi murosasiz kurashish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik qilish.

↓ KEYINGI XABAR ↓
Boshiga chiqing