O‘zbekiston Futzal Assotsiatsiyasining faoliyati tugatildi. Bu haqda O‘FF matbuot xizmati xabar berdi.
Endilikda mamlakat futzaliga, ayollar futboliga, sohil futboliga O‘FFning o‘zi javobgar bo‘ladi va ularni nazorat qiladi. Tashkilot tuzilmasida, shuningdek, PFL tarkibida futzal, sohil futboli va ayollar futboli bilan shug‘ullanadigan yangi bo‘limlar tashkil topadi.
Aniqlik kiritilishicha, “Chig‘atoy” futbol maktabi o‘rnida vujudga kelgan “Sport mahoratini oshirish respublika oliy maktabi” qoshida yuqoridagi sohalar bilan shug‘ullanuvchi murabbiylar guruhi ish boshlagan. Shu tariqa O‘zbekiston Futzal Assotsiatsiyasiga hojat qolmagan.
O‘zbekiston Futzal Assotsiatsiyasini prezident sifatida Fazliddin Sirojiddinov, vitse-prezident sifatida O‘FFning sobiq prezidenti Mirabror Usmonovning o‘g‘li Jahongir Usmonov boshqarib kelayotgandi. Kichik Usmonov, shuningdek, “Ardus” futzal klubining ham egasi hisoblanadi.
Izoh (0)