O‘FF bolalar futbolini rivojlantirish maqsadida Jismoniy tarbiya va sport qo‘mitasi bilan kelishgan holda qaror qabul qildi. Bu haqda O‘FF matbuot xizmati xabar berdi.
Bundan ko‘zlangan maqsad O‘zbekistonda bolalar va o‘smirlar futbolini yanada rivojlantirishdan iborat. Unga ko‘ra, futbolga ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari, akademiyalari va olimpiya zaxiralari kollejlarining futbol bo‘limlarida tarbiyaviy va o‘quv mashg‘ulotlarining sifati yaxshilanadi. Professional hamda terma jamoalarga iqtidorli zaxira futbolchilarini tayyorlash birlamchi o‘ringa chiqadi. Yosh futbolchilarni saralashda xolislik va shaffoflik tamoyillariga tayaniladi.
Bunda ikki tashkilot bolalar futbolidagi ahvolni o‘rganish uchun alohida komissiya tuzadi. Komissiya 1 oy davomida butun O‘zbekistondagi barcha futbol maktablarini o‘rganib chiqadi va 2018—2023-yillar uchun dastar ishlab chiqadi. Shuningdek, futbol maktablariga qabul imtixonlari vaqtida O‘FF va Sport Qo‘mitasi vakillari bevosita ishtirok etadi. Bu o‘z navbatida shaffoflikka qo‘yilgan qadam bo‘ladi.
O‘FF mutaxassislari murabbiylarni tayyorlash, o‘qitish, ishga joylash va olishda ham ishtirok etadi. Shuningdek, yangi sport inshootlarining qurilishida ham qatnashadi va amaliy maslahatlarini beradi.
Endilikda O‘zbekistondagi barcha futbolchilar haqida ma’lumot olish mumkin bo‘lgan yagona elektron baza yaratiladi. Katta futbolga qadam qo‘yish arafasida turgan bolalardan tortib, katta futbolchilarga qadar bu bazadan joy oladi.
Yuqoridagilarning ijrosini nazorat qilish Sport Qo‘mitasi raisining o‘rinbosari F. Turdiyev va O‘FF vitse-prezidenti Sh. Isroilov zimmasiga yuklatilgan. Qarorning to‘liq matnini keltirilgan havoladan o‘qish mumkin.
Izoh (0)