Toshkentda fuqarolarni Janubiy Koreyaga yuborish bahonasida pulini o‘zlashtirgan firibgar ayol ushlandi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB ma’lum qildi.
“29-iyul kuni muqaddam sudlangan Musinova Ozoda Tolibovna o‘zganing mulkini aldov va ishonchini suiiste’mol qilish yo‘li bilan qo‘lga kiritish maqsadida Mirobod tumani hududida Azimov Mo‘minjon Maqsudovichning ishonchiga kirib, uni Koreya Respublikasiga ishlashga yuborishni va’da qilib, 1500 dollar miqdoridagi pullarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan”, — deyiladi xabarnomada.
Holat yuzasidan JKning 168-moddasi 1-qismi (firibgarlik, ya’ni o‘zganing mulkini aldash va ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan qo‘lga kiritish) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi va Musinovani ushlash choralari ko‘rildi.
Ichki ishlar idoralari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tergov-tezkor tadbirlar natijasida Musinova aniqlandi va ushlandi.
Hozirda dastlabki tergov harakatlari davom ettirilib, uning boshqa jinoyatlarga aloqadorligi tekshirilmoqda.
Izoh (0)