Ispaniya La Ligasining 5-turiga kelib Madridning “Real” klubi o‘z maydonida “Betis”ga imkoniyatni boy berib qo‘ydi.
Bungacha “Real” 73 ta o‘yindan buyon gol urib kelayotgandi. Ispaniyaning amaldagi chempioni “Santyago Bernabeu”dagi avvalgi ikki o‘yinida ham durang o‘ynagan bo‘lsa-da, gol urishga muvaffaq bo‘lgandi. Umuman, ortda qolgan 73 o‘yinda “Real” mag‘lubiyatga uchragan pallalar bo‘ldi, ammo ularda ham “Qirollik klubi” futbolchilari hech bo‘lmaganda 1 ta gol urgandi.
Bungacha Braziliyaning “Santos” klubi ketma-ket 73 ta o‘yinda gol urib, rekord o‘rnatgandi. Bu hol 1961—1963-yilgi mavsumlarda ro‘y bergan. “Real” mana shu rekordni takrorladi, ammo yangilay olmadi. Vaholanki uni yangilash uchun futbolchilar “Betis” darvozasiga naqd 25 ta zarba berdi. Biroq to‘p mehmonlar darvozasiga kirishni istamadi.
Izoh (0)