O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Qozog‘iston rahbari Nursulton Nazarboyev 16–17-sentabr kunlari davlat tashrifi bilan O‘zbekistonda bo‘ladi. Tashrif doirasida Toshkent shahrida ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining biznes-forumi va Qozog‘iston milliy mahsulotlari ko‘rgazmasi o‘tkaziladi, deb xabar qiladi O‘zA.
16-sentabr kuni Toshkentdagi “O‘zekspomarkaz”da Qozog‘iston milliy mahsulotlari ko‘rgazmasi va ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida biznes-forum o‘tkaziladi. Unda O‘zbekiston va Qozog‘istonning 500 dan ortiq ishbilarmonlari qatnashishi rejalashtirilgan.
Xususan, Qozog‘istonning qishloq xo‘jaligi, savdo-sotiq, neft-gaz, farmatsevtika, mashinasozlik, kimyo, qurilish, oziq-ovqat, yengil sanoat sohalari va xizmat ko‘rsatish tarmoqlarida faoliyat ko‘rsatayotgan qariyb 120 yetakchi kompaniyasining 200 ga yaqin vakili ishtirok etishi kutilmoqda.
Anjuman doirasida B2B formatida ikki tomonlama uchrashuvlar bo‘lib o‘tadi. Unda Qozog‘iston delegatsiyasi vakillari O‘zbekiston davlat va xususiy sektor mas’ullari bilan hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazadi.
15–17-sentabr kunlari “O‘zekspomarkaz”da o‘tkaziladigan Qozog‘iston milliy mahsulotlari ko‘rgazmasida qo‘shni mamlakatning avtomobil, metallurgiya, farmatsevtika singari ko‘plab sanoat tarmoqlari tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar namoyish etiladi.
Izoh (0)