Toshkent viloyatida haydovchilik guvohnomasini berishdagi korrupsiyaviy holat fosh etildi. Bu haqda viloyat prokuraturasi ma’lum qildi.
Viloyat huquqni muhofaza qiluvchi organlariga fuqarolar B. Arabov va A. Asrorov ariza bilan murojaat qilib, “Avto-moto havaskorlar” MChJ avtomaktabi instruktorlari D. Qurbonov va S. Ahatovlar haydovchilik guvohnomasini olish uchun sinov imtihonlaridan o‘tkazib berish evaziga ularning har biridan 130 ming so‘m miqdoridagi pul mablag‘larini talab qilayotganligini bildirgan.
Ariza asosida Bekobod shahrida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan hamkorlikda bir qator tezkor-tergov tadbirlari o‘tkazilib, ularning natijasiga ko‘ra D. Qurbonov (1983-yili tug‘ilgan) va S. Ahatov (1973-yili tug‘ilgan), viloyat yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi tumanlararo bo‘linmasi xodimi N. Sultonov (1984-yili tug‘ilgan) va uning norasmiy yordamchisi D. Abduvohidov (1975-yili tug‘ilgan) 260 ming so‘m pul mablag‘larini pora tariqasida olganligi uchun ushlandi.
Tadbir davomida gumonlanuvchilar bundan oldin ham YHXB xodimiga fuqarolardan pora olishda ko‘mak berganligini bildirib, D. Abduvohidov ixtiyoriy ravishda muqaddam N. Sultonovga berib qo‘yish uchun yuqoridagi avtomaktab instruktorlaridan olib, o‘z avtomashinasida saqlab kelayotgan 1 million so‘m pul mablag‘larini tergovga taqdim etdi.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 210 va 212-moddalari (pora olish va pora olish-berishda vositachilik qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Izoh (0)