“Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi mutaxassislari mingdan ortiq respondent o‘rtasida o‘tkazgan galdagi so‘rov fuqarolarning mamlakatda kechayotgan o‘zgarishlarga munosabati hamda ayni chog‘dagi kayfiyati bilan yaqindan tanishish imkonini berdi. Tadqiqot natijalari “Daryo”ga “Ijtimoiy fikr” markazi tomonidan taqdim etildi.
So‘rovda 97,4 foiz ishtirokchi iqtisodiy rivojdan qoniqishini bildirdi. Har ikkinchi ishtirokchi iqtisodiyotni modernizatsiyalash va uni izchil yuksaltirish jarayonlariga alohida urg‘u berdi.
So‘rovda mustaqillik yillarida iqtisodiyotda erishilgan asosiy natijalar bilan bog‘liq savolga 97,9 foiz respondent “bu iqtisodiyot tarmoqlarining muvozanatli va samarali rivojlanishi”, deb javob berdi.
Ko‘pchilikning (83,5 foiz) ishonch bildirishicha, tashqi iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, milliy iqtisodiyotda raqobatdoshlikni oshirish, eksportchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlash, fermer xo‘jaliklarining, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining tashqi bozordagi ishtirokini har tomonlama rag‘batlantirish ishlarida muhim yutuqlarga erishdi.
84,2 foiz ishtirokchining fikricha, yigirma olti yil davomida O‘zbekistonda hayotga tatbiq etilgan iqtisodiy islohotlar kishilarga o‘z salohiyatini keng namoyon qilishi uchun imkon berdi.
Tadqiqotning har ikkinchi ishtirokchisi o‘tgan davrda o‘zining moddiy ahvoli va turmush shart-sharoitlarini yaxshilab olganini aytdi. Har uchinchi qatnashchi ijtimoiy maqomi oshganidan mamnunligini bildirdi.
22,6 foiz respondent o‘z biznesini ochgan, tadbirkor yoki fermer sifatida faoliyat yuritmoqda. Respondentlarning 13 foizi mamlakatdagi, shuningdek, chet ellardagi oliy o‘quv yurtlarida zamonaviy ta’lim olgan. Bulardan ko‘rinadiki, odamlarda o‘z hayotini yaxshilash uchun kurashish ko‘nikmasi, shuningdek, jamiyat va davlatning ertangi kuniga ishonchi yuqori darajada.
26 yilda O‘zbekiston aholini ijtimoiy himoya qilish va turmush sharoitlarini yaxshilash, bandlikni ta’minlash sohasida ham samarali siyosat olib bordi. Buni 84,6 foiz respondent e’tirof etgan.
Izoh (0)