O‘zbekiston Bosh prokuraturasi huzurida may oyida tashkil etilgan Majburiy ijro byurosi olib borilgan ishlarning ilk hisobotini e’lon qildi. Bu haqda “Gazeta.uz” xabar bermoqda.
Foydalanilgan energiya resurslari uchun to‘lovlarni undirish borasida ko‘rilgan choralar natijasida iyun oyida 812,4 milliard so‘m, iyul oyida 1,2 trillion so‘m, avgust oyida 1,6 trillion so‘mdan ortiq to‘lovlar undirildi.
Qarzdorliklarni undirish maqsadida iyundan avgustgacha bo‘lgan davrda 4,6 trillion so‘m qarzdorlikni to‘lash yuzasidan 4,6 million talabnomalar yuborildi, 112,4 milliard so‘m qarzdorlikni ish haqidan ushlab qolish haqida 177,3 mingta talabnomalar berildi, 993,2 milliard so‘m qarzi bo‘lgan 39,4 ming yuridik shaxsning hisob raqamlariga inkassa topshiriqnomalari qo‘yildi, sudlarga 12,2 mingta da’vo arizalari kiritildi, hisob-kitoblarni o‘z vaqtida amalga oshirmagan va tarmoqqa noqonuniy ulangan 92 ming iste’molchi, shu jumladan, 11,2 nafar yuridik shaxs elektr va gaz tarmoqlaridan uzildi.
1695463 ta turar va noturar joy binolarini inventarizatsiyadan o‘tkazish davomida 285512 ta kadastr hujjatlari mavjud bo‘lmagan bino, 16127 ta o‘zboshimchalik bilan qurilgan obyekt, 525657 ta nosoz yoki davlat qiyoslov ko‘rigidan o‘tmagan energiya resurslari iste’molini hisobga olish uskunasi, 110,4 milliard so‘m noreal qarzdorlik (elektr energiyasi uchun 59,7 milliard so‘m, gaz uchun 50,7 milliard so‘m) aniqlandi. Natijasi bo‘yicha tegishli choralar ko‘rildi.
Energiya resurslarining talon-toroj qilinishi va buning oqibatida 137,5 milliard so‘m noreal qarzdorlikning kelib chiqqani holatlari bo‘yicha 111 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Masalan, “Andijonshahargaz”, “Andijon yog‘-moy” AJ va “Andijon biokimyo zavodi” AJ mansabdor shaxslari tomonidan o‘zaro til biriktirib, yettita mahalla aholisini yuqori bosimli gaz tarmog‘iga noqonuniy ulash yo‘li bilan 10,3 milliard so‘m talon-toroj qilingani aniqlangan.
“Bo‘stonliqtumangaz” filiali va “Toshkentgazta’minot” unitar korxonasi mansabdor shaxslari iste’molchilarning tabiiy gaz sarfi ko‘rsatkichlariga soxta ma’lumotlar kiritib, 15,6 milliard so‘m miqdorida noreal qarzdorlikning vujudga kelishiga sababchi bo‘lgan.
Shuningdek, talon-torojliklar natijasida paydo bo‘lgan qarzdorlikni energiya resurslari hisobini yuritish bo‘yicha ma’lumotlar bazasiga soxta ma’lumotlar kiritish yo‘li bilan aholiga qayta taqsimlash holatlari aniqlandi.
Masalan, Koson ETK mansabdor shaxslari 2012−2017-yillarda “Elektrhisoblagich” DK ma’lumotlar bazasiga Koson tumani hokimining qarori bilan faoliyati tugatilgan yuzta xo‘jalik yurituvchi subyektlarning qarzdorligi borligi haqida soxta ma’lumotlar kiritishi natijasida 2,383 milliard so‘m noreal qarzdorlik paydo bo‘lgan.
Jarqo‘rg‘on tumani ETK mansabdor shaxslari 47 ta fermer xo‘jaligi va iqtisodiyot kollejining 11,6 milliard so‘m qarzdorligi mavjudligi to‘g‘risida ma’lumotlar bazasiga soxta ma’lumotlar kiritgan.
Mavjud qarzdorlikni hisobdan chiqarib berish evaziga qonunga xilof ravishda haq olganlik holatlari bo‘yicha 51 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Iyun-avgust oylari davomida ko‘rilgan choralar natijasida 2,7 trillion so‘m undirilishi, 4,3 milliard so‘m miqdorida jarimalar qo‘llanilishi, sud hujjatlarini o‘z vaqtida ijro qilmagan shaxslardan 7,3 milliard so‘m ijro yig‘imlari undirilishi ta’minlandi.
Energiya resurslaridan foydalanish sohasida to‘lov intizomini mustahkamlash hamda sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlari ijrosini ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlar natijasida iyun–avgust oylari davomida Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi tomonidan 6,32 trillion so‘m undirilishi ta’minlandi.
Izoh (0)