Kecha — 29-avgust kuni O‘zbekiston va Janubiy Koreya terma jamoalari o‘rtasidagi JCh—2018 saralashidan joy olgan uchrashuv uchun chiptalar sotuvga chiqqani aytilgandi. “Championat.asia” nashri “Bunyodkor” stadioni kassalariga tashrif buyurib, jarayon bilan tanishishga harakat qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, kassalarda faqatgina darvoza ortidagi sektorlar uchun chiptalar sotilmoqda. Ularning narxi 30 va 35 ming so‘mni tashkil qiladi. Biroq markaziy sektorlardan chipta xarid qilishni istovchi muxlislar o‘z maqsadiga yeta olmaydi. Mavjud vaziyatni kassa xodimlari tushuntirib bera olmagan.
Shundan so‘ng “Championat.asia” jurnalistlari “Bunyodkor” stadioni marketing bo‘limi boshlig‘iga murojaat qilgan. Suhbatdosh markaziy sektorlar uchun chiptalar O‘FF terma jamoalar markaziga berilganini ma’lum qilgan.
Terma jamoalar markazi mavjud chiptalarni qaysi kassalarda va qay ko‘rinishda sotishi ma’lum emas. Nashr vaziyat yuzasidan “Bunyodkor” stadioni direktori Vohid Zokirov bilan intervyu tashkil qilishni rejalashtirgan.
31-avgust kungi Xitoy — O‘zbekiston o‘yini bo‘lib o‘tmagani uchun, “Bunyodkor” kassalarining birinchi kundagi ishi u qadar yurishmagan va yuzga yaqin chipta sotilgan. Chipta savdosi kutilgan ajiotajni taqdim etmayapti, deb yozilgan xabarda.
31-avgust kuni O‘zbekiston termasi Xitoydan mag‘lub bo‘lsa va parallel o‘yinda koreyaliklar Eronni mag‘lub etsa, 5-sentabr kungi o‘yin O‘zbekiston termasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanmani taqdim etmaydi.
Izoh (0)