O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalq artisti Komiljon Otaniyozov tavalludining 100 yillik bayrami qatnashchilarini tabrikladi. Tabrik matnini O‘zA keltirdi.
“Avvalo, madaniy hayotimizdagi ulkan voqea – xalqimizning ardoqli farzandi, O‘zbekiston xalq artisti Komiljon Otaniyozov tavalludining 100-yillik bayrami bilan siz, azizlarni, atoqli san’atkorimizning avlodlarini, shogirdlari va ming-minglab muxlislarini, bugungi anjumanga tashrif buyurgan xorijiy mehmonlarimizni, bag‘rikeng, yuksak ma’naviyatli Xorazm elini samimiy muborakbod etaman”, — deyiladi tabrikning kirish qismida.
Davlat rahbari Komiljon Otaniyozovning XX asr o‘zbek san’ati rivojiga qo‘shgan ulkan hissasini ta’kidlab o‘tdi.
“Bu ulug‘ insonning yana bir unutilmas xizmati shundaki, u o‘zining qalb qo‘ri, mehri va saxovatini bag‘ishlab, o‘nlab iste’dodli shogirdlarni kamolga yetkazdi. Bugun nafaqat O‘zbekistonda, balki qo‘shni mamlakatlarda ham shuhrat qozongan ko‘plab hofiz va san’atkorlar uni o‘zlarining ma’naviy ustozi deb biladilar”, — ta’kidlanadi tabrikda.
Xususan, ustoz san’atkor tavalludining 100 yilligini respublika miqyosida keng nishonlash maqsadida u tug‘ilib voyaga yetgan Xorazm zaminida uning uy-muzeyi tashkil etilgani, Shovot tumanida Komiljon Otaniyozov nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i rekonstruksiya qilinib, har tomonlama obod qilingani, Urganch tumanida hofiz xotirasiga atalgan bog‘ va ijod markazi barpo etilib, u zotning tabarruk siymosi aks ettirilgan yodgorlik o‘rnatilgani qayd etib o‘tildi.
“Fursatdan foydalanib, bu ezgu va xayrli ishlarga munosib hissa qo‘shgan barcha yurtdoshlarimizga – qo‘li gul quruvchilar, me’moru muhandislarimizga, bunyodkor Xorazm ahliga o‘z nomimdan, butun xalqimiz nomidan samimiy minnatdorlik izhor etaman”, — xulosa qildi davlat rahbari.
Izoh (0)