9 kun ichida 3 ta Superkubok. “Qirollik klubi” “Yunayted” va “Barselona”ga qarshi
Ispaniya Superkubogining ikki uchrashuvi qachon o‘tishiga oydinlik kiritildi. Bu haqda “Chempionat” Marca nashriga tayanib ma’lumot berdi.
Bunga qadar o‘yinlar sanasida aniq to‘xtamga kelinmagandi. Avvalroq kubok o‘yinlari 12 va 15-avgust kunlari o‘tishi rejalashtirilgandi. Endi esa “Real”ning Yevropa Superkubogidagi o‘yini ham hisobga olinib, Ispaniya Superkubogi 13 va 16-avgust sanalariga tayin qilindi.
Unga ko‘ra, “El-Klasiko”ning birinchisi 13-avgust kuni “Kamp Nou”da, takroriysi 16-avgust kuni “Santyago Bernabeu”da bo‘lib o‘tadi. “Real” La liga chempioni sifatida, “Barselona” esa Ispaniya kubogi sohibi sifatida Superkubokda ishtirok etadi.
“Qirollik klubi”, shuningdek, Yevropa Chempionlar ligasining amaldagi g‘olibi sifatida 8-avgust kuni qit’a Superkubogini qo‘lga kiritish uchun Yevropa ligasi g‘olibi “Manchester Yunayted” bilan to‘qnash keladi. Bellashuv Makedoniyada bo‘lib o‘tadi.
La liga Ispaniya Superkubogidan tashqari, yangi mavsum o‘yinlari qachon start olishi masalasiga ham oydinlik kiritdi. Unga ko‘ra, 19-avgust kuni chempionatning 1-turi start oladi. So‘nggi tur 2018-yilning 20-may kuni o‘tkaziladi. Ispaniya kubogining navbatdagi g‘olibi esa kelasi yilning 21-aprel kuni aniq bo‘ladi.