Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyati saylovchilari bilan uchrashuvda olim, adib, tarjimon va ilk matbaachilardan biri Is’hoqxon Ibratga atab zamonaviy bog‘ yaratish, yodgorlik majmuasi va “Ibrat maktabi”ni tashkil qilish tashabbusini bayon etgan edi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Prezident taklifi jamoatchilik tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanib, To‘raqo‘rg‘onda Is’hoqxon Ibratga bag‘ishlangan majmuaga qo‘l urildi.
Bog‘ odamlarning mazmunli hordiq chiqarishiga qulaylik yaratish bilan ma’naviy olamini ham boyitadi. Bu yerda ulug‘ ma’rifatparvarning haykali o‘rnatiladi. Muzey Is’hoqxon Ibratning hayoti, serqirra faoliyati bilan tanishtiradi. “Ibrat maktabi”da yoshlar xorijiy tillarni o‘rganadi. Bularning barchasi yaxlit kompleks sifatida allomaning buyuk xizmatlarini qadrlash, merosini o‘qib-o‘rganish va targ‘ib qilishda muhim o‘rin tutadi.
Namanganga kelgan davlat rahbari mazkur majmuani mazmun jihatidan takomillashtirish, til o‘rgatish bo‘yicha maxsus maktabni Namangan davlat universiteti qoshida tashkil etish, bu yerda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti hamda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti bilan hamkorlikda xorijiy tillarni ixtisoslashtirilgan tarzda o‘rgatish zarurligini ta’kidladi. O‘qituvchi va o‘quvchilarga zarur sharoitlar yaratish, majmua atrofini obodonlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
“Gap yoshlar tarbiyasi haqida borar ekan, bu borada shoshmaslik, yoshlar va ota-onalarning talab-istaklaridan kelib chiqib, har tomonlama puxta o‘ylab ish tutish kerak”, dedi Prezident.
Shavkat Mirziyoyev tumandagi Namangan ko‘chasida xalq ichiga kirib, odamlar bilan muloqot qildi. Aholi Prezident tashrifidan xursandligini, amalga oshirilayotgan o‘zgarish va yangiliklar uchun minnatdorlik izhor etdi.