O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, yirik loyihalar bilan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 7-iyul, juma kuni Namangan viloyatiga tashrif buyurdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Birinchi Prezident Islom Karimovning 2015-yil 24-noyabrdagi qarori bilan tasdiqlangan 2016—2019-yillarda Namangan viloyatining sanoat salohiyatini rivojlantirish dasturiga muvofiq yuzlab investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.
Ularning orasida umumiy qiymati 2 milliard 1 million dollarga teng bo‘lgan, 1800 megavatt elektr energiyasi ishlab chiqarishga mo‘ljallangan To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasi alohida o‘rin tutadi. Ushbu elektr stansiyasi nafaqat Namangan viloyati, balki butun Farg‘ona vodiysida elektr energiyasiga bo‘lgan talab va ehtiyojni qondirishga xizmat qiladi.
Pop tumanida 100 megavatt quvvatga ega bo‘lgan, umumiy qiymati 210 million dollarni tashkil etadigan quyosh elektr stansiyasini qurish, Mingbuloq tumanida 211 million dollarlik “Mingbuloq neft-gaz” konini o‘zlashtirish va boshqa investitsiya loyihalari viloyat iqtisodiyotini yangi bosqichga ko‘taradi.
Shavkat Mirziyoyev o‘zining saylovoldi dasturida bu boradagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarish, mamlakatning barcha hududlari qatori Namangan viloyatini ham izchil rivojlantirish bo‘yicha reja va maqsadlarni bayon etgan edi.
Prezident Namanganga tashrifi davomida ana shu rejalar ijrosi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari va istiqbolli loyihalar bilan tanishadi.