Qashqadaryo viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi jarrohlari tomonidan “o‘ldi” deb ota-onalariga topshirilgan bir yarim oylik go‘dak mayit yuvuvchining qo‘lida jonlandi. Bu haqda hali ham hayot uchun kurashayotgan jajji Muhammadjonning buvisi — Nargiza Qurbonova “Daryo”ga ma’lum qildi.

Muhammadjon Rashidov — operatsiyadan avval. Foto: Shahnoza Hamidova

Muhammadjon Rashidov 2017-yil 14-may kuni dunyoga kelgan. Otasi hozir Rossiyada — “hovlining tomini shifer qilaman” degan maqsad bilan ishlagani ketgan. Lekin topgan puli shiferga emas, yangi tug‘ilgan chaqaloqni davolashga sarflanmoqda. Chaqaloqning onasi Shahnoza Hamidova va qarindoshlari, jumladan, buvisi Nargiza Qurbonova 16-maydan beri chaqaloqning hayoti uchun shifokorlar bilan kurashib keladi — xuddi shu kuni Muhammadjon qayt qilishni boshlagan. Muvaffaqiyatsiz davolanish jarayoni bir oydan ziyod davom etgan — turli shifokorlarning bir-biridan farqli tashxislari asosida berilgan har xil dori vositalari chaqaloqning ahvolini yaxshilash o‘rniga og‘irlashtirgan, qorni esa shishib ketgan.

Muhammadjonning ahvoli juda og‘irlashib qolganidan so‘ng, viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi yonidagi poliklinikadagi, chaqaloqni birinchi marta ko‘rganida: “Buning kasali bizniki emas”, degan jarroh unga orqa tomondan dori yuborib, aslida chaqaloqning salomatligidagi muammo uning orqa ichagi qayrilib qolgani bilan bog‘liq ekanini ma’lum qilgan. “Ichagi qayrilgan ekan-ku, operatsiya qilish kerak”, — degan shifokorlar. Chaqaloqning onasi va buvisi operatsiyaga rozilik bildirgan.

Biroq, Nargiza Qurbonovaning ta’kidlashicha, 28-iyun kuni bo‘lib o‘tgan operatsiya ham osongina boshlanmagan. Chaqaloqni operatsiyaga tayyorlashi kerak bo‘lgan shifokorlarning san-solarligi oqibatida ahvoli og‘ir Muhammadjonning tana harorati +39,5 darajagacha ko‘tarilib ketgan. Shifokorlar endi: “Chaqaloqni bunday harorat bilan operatsiya qila olmaymiz, o‘lib qoladi”, — deb turgan.

“Axir bu bola-ku, hayvon emas-ku, deb dodladim! Dodlab, bosh shifokorning oldiga yig‘lab tushdim. Kasalxonaga viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi rahbari kelgan, deyishdi, o‘shaning oyog‘ining tagiga o‘tirib yig‘ladim. U borib ko‘rgach, tezda operatsiyani boshlash haqida ko‘rsatma berdi. Ikki soatdan so‘ng, harorati ukollar bilan tushirilganidan so‘ng, operatsiya boshlandi”, — deydi Nargiza Qurbonova.

Operatsiya boshlanganidan bir soat o‘tgach, operatsiya xonasiga Nargiza Qurbonovaning o‘zi taklif qilingan. Shifokorlar unga chaqaloqning qayrilib qolgan orqa ichagi o‘n kun avval yorilib ketganini aytib, “15 kun avval qayerda edingiz?”, deb savol qo‘ygan, vaholanki Muhammadjon qariyb bir yarim oydan beri aynan shu operatsiya o‘tkazilgan kasalxonada davolanayotgan edi. Operatsiya oxirida chaqaloq operatsiyani ko‘tara olmay, vafot etgani va uni olib ketish kerakligi ma’lum qilingan.

Muhammadjon Rashidov — operatsiyadan so‘ng. Foto: Shahnoza Hamidova

“Bandalik”. Bu vaziyatda ona va buvining ahvolini ta’riflash shart emas. Rasm-rusumi bilan hodisa haqida qon-qarindoshlarga ma’lum qilingan, tayyorgarlik ko‘rilgan, mozorda jajji bolakay uchun joy hozirlangan. Shifokorlar: “O‘ldi”, degan chaqaloq operatsiyadan uch soat o‘tib, mayit yuvuvchiga topshirilgan. “Mayit yuvuvchi endi ishga kirishaman desa, chaqaloq qo‘lini yozib, murda yuvuvchiga qarab turganmish. Dod deb, bola tirik, deb chiqishdi”, — dedi Nargiza Qurbonova.

Chaqaloq shoshilinch ravishda yana kasalxonaga olib borilgan, jonlantirish bo‘limiga joylashtirilgan. “Do‘xtirlarning hammasi hayron. Chaqaloqni o‘rab bergan sanitar ayol o‘sha yerning o‘zida hushidan ketib qoldi... Mana, to‘qqizinchi kun o‘tdi, bolam yashayapti”, — deydi Nargiza Qurbonova. Lekin, buvining aytishicha, mo‘jiza tufayli omon qolgan bolaga shifokorlar hozir ham yetarlicha e’tibor qaratmayapti.

“Qachon bosh shifokorning oldiga tushib, yig‘lab-baqirsam, do‘xtirlar bolaga qaraydi, bo‘lmasa — yo‘q. Dori bepul deb yozib qo‘ygan, lekin oxirgi shpritsigacha o‘zim olib keldim. Dori-darmonini ham olib kelyapman, bolamga qarasin deb, do‘xtirning tushlik-kechki ovqatlarini ham olib beryapman. Meni to‘g‘ri tushuning, bunday vaziyatda, kerak bo‘lsa, joningizni ham berib yuborasiz, ovqat nima degan gap”, — deydi Nargiza Qurbonova.

Qorni ochiq, axlati maxsus quvurcha bilan tashqariga chiqarib tashlanayotgan Muhammadjon hayot, o‘zi-da hayot uchun kurashmoqda — buvisining aytishicha, har kuni sut emyapti. Biroq shifokorlarning munosabati, Nargiza Qurbonovaning aytishicha, qoniqarsiz — qorni ochiq bola yotgan Qashqadaryodagi kasalxonada na konditsioner, na ventilyator bor; operatsiya qilingan joylari esa “qizarib, gazak olib ketgan”. “Mayli, Xudo bolamning taqdiriga umrdan bergan bo‘lsa, yashab ketar. Lekin boshqalarning ham farzandini bunday xarob qilishmasin!”, — deydi Nargiza Qurbonova ko‘zda yosh bilan.

Mazkur holat yuzasidan “Daryo” internet-nashri tahririyati shoshilinch izoh olish maqsadida Qashqadaryo viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi va Qashqadaryo viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi bilan bog‘lanishga urindi, biroq hozircha urinishlar javobsiz qoldi.

Muallif:Muhrim A’zamxo‘jayev