O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasiga 2016-yil sentabridan 2017-yil 19-iyunigacha 900 mingga yaqin murojaat kelib tushdi. Bu haqda “Xalq so‘zi” xabar bermoqda.
Mazkur murojaatlarning 93 mingdan ortig‘i ichki ishlar, 56 minggga yaqini sud, 50 mingdan ortig‘i prokuratura, 43 minggi adliya, 6,2 minggi soliq va mingdan oshig‘i bojxona faoliyatiga taalluqli.
20—23-iyun kunlari Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmatining sayyor qabuli o‘tkazildi. 4 kun davomida Oliy sud, Bosh prokuratura, ichki ishlar va adliya, davlat soliq va bojxona qo‘mitalari vakillari ishtirokida bevosita ushbu idoralar faoliyatiga tegishli masalalar ko‘rib chiqildi. Qabulga 600 dan ortiq kishi keldi.
Murojaatlarning aksariyati sud organlari bilan bog‘liq bo‘lib, deyarli yarmi fuqarolik sudi bo‘yicha ish yuritishga oid. Jinoiy ishlar bo‘yicha sudlar qaroridan norozilar ham bor. 100 dan ortiq odam, jumladan, tadbirkorlar prokuratura hodimlari bilan suhbatlashdi. Ular turar-joy va yerdan foydalanish qonunchiligi, mehnat huquqlarining buzilishi, ijro jarayonidagi muammolar haqida gapirdi. Ulardan bir qismini joyida hal etishga muvaffaq bo‘lindi.
Ichki ishlar vaziriga mo‘ljallangan murojaatlar ham ko‘plab kelib tushdi. Fuqarolar biometrik pasport olish, xorijga chiqish stikeri, doimiy propiskani rasmiylashtirish yoki vaqtinchalik ro‘yxatga qo‘yishni uzaytirish, xizmatga tiklashda ko‘mak so‘radi. Jinoiy ishlar materiallari, ichki ishlar xodimlari harakatidan shikoyatlar bo‘ldi.
Tadbirkorlar va jismoniy shaxslarni imtiyozli soliqqa tortish masalalari haqidagi savollarga Davlat soliq qo‘mitasi mutaxassislari javob berdi. Davlat bojxona qo‘mitasi xodimlariga murojaat qilgan fuqarolar bojxona deklaratsiyasi tartibi, mahsulotlar chiqarish va nazorat qilish, bojxona to‘lovlari bilan qiziqdi. Mahsulotlar, avtomobil musodara etilishidan norozilar bo‘ldi.
Sayyor qabulga kelganlar ularni o‘ylantirayotgan muammolar tezda hal etilishiga umid bildirdi. Batafsil o‘rganishni talab etuvchi shikoyatlar va murojaatlar mutasaddilar tomonidan alohida nazoratga olindi.
Izoh (0)