Huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirish hamda aholining ijtimoiy-iqtisodiy turmush sharoitini tizimli ravishda o‘rganish maqsadida “Huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni” doirasida tashkil etib kelinayotgan tadbirlarda pasport tizimi qoidalarini buzish, noqonuniy o‘qotar qurollar va narkotik vositalarni saqlash holatlari aniqlanmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi IIV matbuot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.
Mazkur yo‘nalishda ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida joriy yilning oxirgi to‘rt oyi davomida 120 mingdan ortiq shaxs ma’muriy javobgarlikka tortildi, 400 nafarga yaqin qidiruvdagi jinoyatchi qo‘lga olindi. Huquqbuzarliklarning yakka tartibdagi profilaktikasi chora-tadbiri sifatida 180 mingdan ortiq profilaktik suhbat o‘tkazildi.
Asosiy e’tibor, voyaga yetmaganlar va yoshlar tarbiyasiga qaratilib, o‘quvchi va talabalarning huquqiy ongi va madaniyatini oshirish, ularning ta’lim muassasalaridagi davomatini ta’minlash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Buning natijasida, joriy yilning aprel oyida voyaga yetmaganlar o‘rtasida jinoyatchilikning darajasi 0,7 foizga, yoshlar o‘rtasida 2,1 foizga, shu jumladan kollej va litsey o‘quvchilari o‘rtasida 19,2 foizga, oliy ta’lim muassasalarida 31 foizga kamaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi barcha davlat organlari, tashkilotlar va jamoatchilik tuzilmalarini, shuningdek, fuqarolarni “Huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni”ni samarali o‘tkazishni hamda huquqbuzarliklarni oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashishda faol hamkorlikka chorlaydi.
Izoh (0)