Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangiyer shahriga tashrifi chog‘ida xususiylashtirilgan, ammo bugun bo‘sh turgan korxona va obyektlardan samarali foydalanish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar bilan qiziqdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Davlat rahbariga viloyat iqtisodiyot kompleksi tomonidan xo‘jalik yurituvchi subyektlarni moliyaviy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan harakatlar rejasi to‘g‘risida ma’lumot berildi. Prezident mazkur harakatlar rejasi bo‘yicha har oyda bajariladigan ishlarni aniq belgilash va mutasaddilarning mas’uliyatini oshirish, Tadbirkorlikka ko‘maklashish markazini tashkil etish zarurligini ta’kidladi.
Sirdaryo viloyatidagi xususiylashtirilgan 1343 korxonada o‘tkazilgan xatlov natijasida bugungi kunda bo‘sh turgan va qurilishi tugallanmagan 237 obyekt aniqlangan. Ushbu obyektlardan 130 tasi faoliyatini qayta tiklash bo‘yicha investitsiya loyihalari ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra mazkur korxonalarda sanoat yo‘nalishida qiymati 51,9 milliard so‘mlik 36, qishloq xo‘jaligida 11,8 milliard so‘mdan ortiq 26, xizmat ko‘rsatish va servis yo‘nalishida 18 milliard so‘mdan ortiq miqdoridagi 68 loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Natijada 1300 dan ko‘proq yangi ish o‘rni yaratiladi.
Guliston shahridagi sobiq “Vostok LTD” korxonasining bo‘sh turgan binosida Record Textile MChJ tomonidan qiymati 10,1 milliard so‘mlik ip-kalavani bo‘yash, Sardoba tumanidagi sobiq parrandachilik majmuasida “Bobur” MChJ tomonidan qiymati 1,9 milliard so‘mlik broyler jo‘jalari yetishtirish, Sirdaryo tumanidagi sobiq sport jihozlari zavodida “Fayz” MChJning 20 milliard so‘mlik investitsiyasi hisobidan g‘o‘zapoyani qayta ishlash orqali DSP ishlab chiqarish loyihalari amalga oshiriladi.
Viloyatda foydalanilmayotgan davlat obyektlari 75 tani tashkil etadi. Ularning 34 tasini “nol” xarid qiymatida sotish, yaroqsiz bo‘lgani sababli ikkitasini buzish va bo‘shagan yer maydonini tadbirkorlarga berish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilgan.
Izoh (0)