Farg‘ona viloyatining Bag‘dod tumanida mahalliy fuqaroning uyidan 11,6 million so‘mlik tilla buyumlarni o‘g‘irlagan jinoyatchi qo‘lga olindi. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar bermoqda.
“Bag‘dod tumanida yashovchi fuqaro Soliyev 24-aprel kuni tuman IIBga murojaat qilib, shu kuni soat 11:30 da noma’lum shaxslar xonadonidan unga tegishli bo‘lgan jami 11,6 million so‘mlik tilla buyumlarni, 303 AQSh dollari, 80 Rossiya rubli hamda 425 ming so‘m pullarini o‘g‘irlab ketganligini bildirgan”, — deyiladi xabarnomada.
Mazkur holat yuzasidan tuman IIB xodimlari tomonidan ko‘rilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida jinoyatni Oltiariq tumanida yashovchi 1987-yilda tug‘ilgan fuqaro Sheraliyev sodir etganligi aniqlandi.
Surishtiruv harakatlari davomida jabrlanuvchiga tegishli jami tilla buyumlar va pul qaytarildi.
Ushbu holat yuzasidan hozirda tergov bo‘linmasi tomonidan jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Izoh (0)