Samarqand viloyati “Issiqlik manbai” davlat unitar korxonasi va Finlyandiyaning FCG Desing and Engineering Ltd kompaniyasi vakillari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi. Bu haqda Samarqand viloyat hokimligi axborot xizmati xabar bermoqda.
Ta’kidlanishicha, 2018—2022-yillarda Samarqand shahridagi ko‘p qavatli uy-joylar va ijtimoiy soha obyektlarini issiqlik energiyasi bilan ta’minlash, issiqlik tizimlarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish bo‘yicha texnik loyiha ishlab chiqilgan.
“Ko‘p qavatli uylarning aksariyat qismida ichki issiqlik uzatish tarmoq va uskunalari ishlamayotganligi sababli ‘Issiqlik manbai’ quvvati 40 foizga tushib qolgan, — dedi Samarqand shahar hokimi o‘rinbosari O‘.Abdullayev. — Endilikda qozonxonalardan boshlab, aholi xonadonlarigacha bo‘lgan barcha jihozlar modernizatsiya va rekonstruksiya qilinadi. Markazlashgan holda issiqlik energiyasi bilan ta’minlovchi 11 markaziy issiqlik uzatuvchi qozonxona, 26 ta lokal qozonxona shular jumlasidan”.
Shuningdek, yana 49 ta kichik lokal qozonxona qurish, 146,5 kilometr tarmoqlarni rekonstruksiya qilish 853 ta ko‘p qavatli uyni ichki issiqlik uzatish tarmoqlarini rekonstruksiya qilish ishlari rejalashtirilgan. Mazkur ishlar uchun Jahon bankining 88,3 million dollar miqdoridagi mablag‘i sarflanadi.
“Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — @toshqindaryo’ga a’zo bo‘ling!
Izoh (0)