O‘zbekiston Prezidenti devonining Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmatining Yashnobod tumanidagi qabulida uy-joy bilan bog‘liq qator arzlar tinglandi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Jumladan, qabulda ikki yosh farzandini yetaklagan, chaqalog‘ini qo‘liga ko‘tarib olgan Zilola To‘laganova uysiz qiynalib ketganini bildirdi.
“Oilamiz bilan ota-onamnikida doimiy ro‘yxatda turganmiz, — dedi Z.To‘laganova. — Uyimiz buzilishidan oldin shart-sharoitimiz o‘rganilib, ota-onamga alohida, bizning oilamizga alohida uy berilishi aytilgandi. Lekin uyimiz buzilganda o‘zim tug‘ruqxonada edim. Kerakli idoralarga borib uchrashishga imkonim bo‘lmadi. Oqibatda uysiz qolib ketdim. Keyin borib qilgan iltimoslarim inobatga olinmadi. Shuning uchun Prezidentimizning Virtual qabulxonasiga murojaat qildim”.
Zilolaning murojaati tegishli idoralar mas’ul xodimlari ishtirokida ko‘rib chiqildi. Bu masalada maxsus komissiya tuzilib, haqiqiy vaziyat chuqur o‘rganilishi, talab o‘z isbotini topsa, uning oilasi uy bilan ta’minlanishi bildirildi.
Sayyor qabulga Shayxontohur tumanidan kelgan bir ayol bundan bir necha yil avval akasi firibgar tuzog‘iga tushib, uysiz qolgani, shu masalada yordam zarurligini bildirdi. Ma’lum bo‘lishicha, uning akasi uyini boshqa bir shaxsga “keyin sizga yangi uy olib beraman”, degan quruq gapiga ishonib o‘zi xatlab bergan. Ushbu masala ham sud tartibida ko‘rib chiqiladigan bo‘ldi.
“Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — @toshqindaryo’ga a’zo bo‘ling!
Izoh (0)