26-aprel kuni Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining 2017-yilning I choragidagi faoliyati sarhisobi, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirishning borishi, istiqboldagi vazifa hamda loyihalarni belgilashga bag‘ishlangan Hay’at majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar bermoqda.
Yig‘ilishda Vazirlikning rahbar va mas’ul xodimlari, hududiy boshqarma boshliqlari, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasida faoliyat yurituvchi kompaniyalar, korxonalar va tashkilotlar va ularning hududiy rahbarlari ishtirok etdi. Hududiy rahbarlarning majlisda ishtiroki videokonferensiya orqali ta’minlandi. Shuningdek, yig’ilishda OAV vakillari ishtirok etdi.
Hay’at yig‘ilishida mamlakatdagi AKT sohasi rivojlanishi va hozirgi holati har taraflama va tanqidiy tahlil ruhida o‘tdi.
Aytilishicha, I chorakda axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish tizimida faoliyat yuritayotgan korxonalar tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 1,61 trillion so‘mni (2016-yilning shu davriga solishtirganda o‘sish 12,5%) tashkil etdi.
Yilning yanvar–mart oylarida soha korxonalarining eksport ulushi 2016-yilning shu davriga nisbata o‘sish hajmi 3,3 foizga, ya’ni 28,92 million dollarga oshgan. Tizimdagi muassasa rahbarlariga xorijiy hamkorlar bilan shartnomalar imzolash evaziga eksport hajmini oshirish bo‘yicha vazifalar berildi.
Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, murojaatlarning 37 foizi pochta xizmatlari, 12,5 foizi aloqa tarmoqlari, 11 foizi internet xizmatlari, 8 foizi mobil aloqa xizmatlari to‘g‘risida. Shuningdek, 3 foizi sohadagi muassasa va korxona rahbarlari ustidan shikoyatlardir.
Aholi murojaatlarini hududlar kesimida ko‘radigan bo‘lsak, ularning aksariyati Toshkent shahri (31 foiz), Toshkent viloyati (13 foiz), Farg‘ona viloyati (9 foiz) aholisidan kelib tushgan. Yig‘ilishda aholi murojaatlari bilan ishlashda yo‘l qo‘yilayotgan xato-kamchiliklarga oydinlik kiritildi.
Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi aholisidan qilingan murojaatlar soni 106 foizga, Andijonda — 73 foizga, Qashqadaryo va Naviyda — 32 foizga, Namanganda — 3 foizga, Surxondaryoda — 18 foizga, Sirdaryoda — 60 foizga hamda Farg‘onada — 28 foizga oshgan. Bu masalada hududiy boshqarmalarning faoliyati tanqidiy baholandi.
Aholiga keng polosali internet xizmatlarini ko‘rsatish holati tanqid ostiga olindi. Bugungi kunda O‘zbekistondagi jami keng polosali xizmat ko‘rsatuvchi portlar soni 860 mingtani tashkil qiladi. 2016-yilning I choragiga nisbatan o‘sish 14,4 foiz. Shuningdek, foydalanilayotgan portlar soni 525,9 mingtani, o‘sish esa 10,1 foizni tashkil qiladi. Hisobot davrida portlardan foydalanish O‘zbekistonning qator hududlarida kamaygan. Shu sababli bu borada ko‘rsatkichlarimiz jahonning rivojlangan mamlakatlari bilan solishtirib ko‘rganda — juda past.
Shuningdek, Hay’at yig‘ilishida soha uchun kadrlar tayyorlash, kadrlar zahirasini yaratish masalalari ham ko‘rib chiqilib, tegishli bo‘linmalarga rahbar lavozimlarga kadrlar zaxirasini tayyorlash vazifasi berildi. Toshkent axborot texnologiyalari universitetiga bo‘lajak qabul jarayonlarini ochiq va oshkora tashkil etish, ta’lim jarayonini yaxshilash hamda professor-o‘qituvchilar tarkibini yaxshilash, shuningdek, ilmiy tadqiqot faoliyatini takomillashtirish choralarini ko‘rish topshirig‘i yuklatildi.
Sohada faoliyat ko‘rsatayotgan har bir rahbar diqqati mamlakat rahbarining 2017-yil 11-apreldagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlari samarali va natijali ijro etilishi, shuningdek, ijro intizomi mustahkamlanishi uchun rahbarlar va mansabdor shaxslarning shaxsiy javobgarligini oshirish bo‘yicha qarori talablarini so‘zsiz ta’minlash zarurligiga qaratildi.
Hay’at yig‘ilishida muhokama qilingan barcha masalalar yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi. Qarorda axborot va kommunikatsiya texnologiyalari sohasini yanada rivojlanitirishga qaratilgan chora-tadbirlar aniqlab olindi.
Izoh (0)