Buxoro viloyatida sog‘liqni saqlash tizimidagi vaziyat va amalga oshiriladigan ishlar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Tadbirda korxona, tashkilot, muassasalar rahbarlari, huquqni muhofaza qilish organlari va sog‘liqni saqlash tizimi hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.
Yig‘ilishni viloyat hokimi O‘. Barnoyev olib bordi.
Tadbirda qayd etilganidek, aholiga tibbiy patronaj xizmati ko‘rsatish, qishloq vrachlik punktlarida aholini patronaj bilan to‘liq qamrab olish darajasi pastligicha qolmoqda. Shuningdek, chekka hududlarda OITS, xavfli o‘sma, sil, virusli gepatit bilan kasallanish holatlari oldingi yillarga nisbatan ko‘paygani tibbiy xizmat borasida e’tiborsizlikka yo‘l qo‘yilayotganidan darak beradi.
Yig‘ilishda viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi bosh vrachi K. Gaziev, viloyat “Ona va bola” skrining markazi rahbari D. Ahmedova, bolalar yuqumli kasalliklar kasalxonasi bosh vrachi U. Ismailov va boshqa rahbarlar tomonidan sohani rivojlantirishga oid ko‘plab takliflar o‘rtaga tashlandi.
Yig‘ilishda viloyat hokimi muammolarni hal etish borasidagi vazifalar xususida atroflicha to‘xtaldi. Soha mutasaddilariga mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.
Izoh (0)