O‘zbekiston Konstitutsiyaviy sudi raisining o‘rinbosari Bo‘ritosh Mustafoyev 12-aprel kuni vafot etdi. Bu haqda Konstitutsiyaviy sud axborot xizmati xabar berdi.

Foto: “KSU.uz”

Foto: “KSU.uz”

Bo‘ritosh Mustafoyev 1949-yilda Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida tug‘ilgan. 1971-yilda Toshkent davlat universitetining yuridik fakultetini tugatib, mehnat faoliyatini Samarqand viloyat prokuraturasining bo‘lim prokurori lavozimidan boshlagan.

Ko‘p yillar davomida prokuratura organlarida mas’uliyatli lavozimlarda ishlab, 1989-yilda O‘zbekiston prokurori, 1993-yilda esa O‘zbekiston Bosh prokurori lavozimiga tayinlangan. 1998-yildan boshlab O‘zbekiston Prezidentining Davlat maslahatchisi o‘rinbosari, Adliya vazirining o‘rinbosari, Konstitutsiyaviy sudining raisi, Markaziy saylov komissiyasining raisi, Oliy sudining raisi lavozimlarida ishladi.

2014-yilda O‘zbekiston Konstitutsiyaviy sudi raisining o‘rinbosari lavozimiga saylanib, umrining oxirigacha shu lavozimda mehnat qilib keldi.

Bo‘ritosh Mustafoyev “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yurist” faxriy unvoni, II darajali “Shon-sharaf” va “Mehnat shuhrati” ordenlari bilan taqdirlangan. Oliy malaka darajali sudya. I darajali Davlat adliya maslahatchisi.

“Bo‘ritosh Mustafayev oqil va oliyjanob, Vatanni samimiy sevadigan va xalqi uchun jonkuyar inson edi. U mustaqil O‘zbekistonning shakllanishi va davlatchilikni mustahkamlashga, qonuniylik va huquq-tartibotni ta’minlashga, huquqiy tizimning shakllanishi va rivojlanishiga katta hissa qo‘shgan”, — deyiladi Konstitutsiyaviy sud axborotida.

“Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — @toshqindaryo’ga a’zo bo‘ling!