Ertaga — 23-mart kuni O‘zbekiston milliy terma jamoasi JCh—2018 saralashining 6-turida Suriyaga qarshi saf tortadi. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan 17:00 da start oladi. Hakam: Abdulla Muhammad Hasan (BAA).
O‘yinga uch kun vaqt qolganida suriyaliklar stadionni o‘zgartirishga majbur bo‘lgandi. Endilikda bellashuvga 40 ming muxlis uchun mo‘ljallangan Hang Jebat Stadium mezbonlik qiladi. Malakka bo‘g‘ozi qirg‘oqlarida joylashgan Malakka shahridagi stadion poytaxt Kuala-Lumpurdan 148 kilometr uzoqda joylashgan.
Ertaga, shuningdek, Xitoy o‘z maydonida Janubiy Koreyani qabul qiladi. Tomonlarning Seulda o‘tgan o‘yinida koreyalik futbolchilar 3:2 hisobida muvaffaqiyat qozongandi. Dohada esa Qatar va Eron termalari to‘qnash keladi. Tehronda forslar 2:0 hisobida muvaffaqiyat qozongandi.
JCh—2018. Saralash “A” guruhi. 6-tur 23-mart, payshanba
Xitoy — Janubiy Koreya — 16:35Suriya — O‘zbekiston — 17:00Qatar — Eron — 21:00
Guruhda faqatgina Eron terma jamoasi mag‘lub bo‘lib ulgurmagan. Forslar o‘z darvozasidan gol ham o‘tkazib yubormagan. Xitoy va Suriyaga qarshi safar o‘yinlarida golsiz durang o‘ynagan Karlush Keyrush shogirdlari Qatar darvozasiga 2 ta, O‘zbekiston va Janubiy Koreyaga 1 tadan gol urgan. So‘nggi ikki raqib 90 daqiqa davomida eronliklar darvozasiga 1 ta ham aniq zarba bermagan.
Qiziq tomoni, dastlabki uch o‘rinda borayotgan terma jamoalarning barchasi ertaga safar o‘yinida ishtirok etadi. “Daryo” o‘yinlarni matnli onlayn tarzida kuzatib boradi.
Izoh (0)