Birinchi yo‘qotish: Vitaliy Denisov O‘zbekiston termasining Suriya va Qatarga qarshi o‘yinlarida ishtirok etmaydi

O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Vitaliy Denisov Suriya va Qatar termalariga qarshi o‘yinlarda ishtirok etmaydi. Bu haqda Rossiyaning “Chempionat” nashri xabar berdi.

Foto: AFC

Foto: AFC

Denisov Rossiya Premyer-ligasining “Spartak”ka qarshi o‘yinida jarohat olgani avvalroq ma’lum qilingan bo‘lib, futbolchi yakshanba kuni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tishi kerak edi. Xulosalar esa uning yaqin kunlar ichida maydonga tusha olmasligini ko‘rsatdi.

O‘zbekistonlik futbolchidan tashqari xorvatiyalik Vedran Chorluka ham jarohatlangandi. U ham Xorvatiya milliy termasining Ukrainaga qarshi saralash uchrashuvini qo‘yib yuborishga majbur bo‘ladi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston milliy terma jamoasi 23-mart kuni Malayziyada Suriyaga qarshi o‘yinda maydonga tushadi. Denisov mazkur uchrashuvga chaqiruv olgan bo‘lib, Moskvadan Kuala-Lumpurga yetib kelishi kerak edi. Endilikda u nafaqat Malayziyaga, balki Toshkentga ham kelmaydigan bo‘ldi.

↓ KEYINGI XABAR ↓
Boshiga chiqing