Farg‘ona viloyatining Dang‘ara tumanida yashovchi fuqaro ikkita qo‘yini sotishdan tushgan pullarning qalbaki ekanligi aniq bo‘lgandan so‘ng ichki ishlar organlariga murojaat qilishga majbur bo‘ldi, deb yozadi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati.
Qalbaki pul muomalasi bilan bog‘liq holatlar yuzasidan jabrlanuvchilardan kelib tushgan murojaatlar asosida ichki ishlar organlari tomonidan zarur chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Surishtiruv-qidiruv tadbirlari olib borildi. Bozorlar, jamoat joylarida nazorat kuchaytirildi. Ko‘p o‘tmay harakatlar o‘z natijasini berdi.
Uchko‘prik tumanida yashovchi Doston Abdusalomov va Farrux Mamajonov gumon qilinuvchi tariqasida surishtiruvga jalb etildi. Doston Abdusalomovning xonadoni ko‘zdan kechirilganda u yerdan qalbaki 1000 va 5000 so‘mlik kupyuralarni yasashda ishlatilgan noutbuk, rangli printer, turli bo‘yoqlar va katta miqdordagi qalbaki pullar topildi.
Jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ish sudga oshirildi. Sud qaroriga ko‘ra, milliy valyutani soxtalashtirgan, uni yasash, o‘tkazish kabi qator jinoyatlarni sodir etgan aybdorlarga tegishli jazo tayinlandi.
Izoh (0)