Toshkentning “Bunyodkor” klubi Chempionlar ligasi guruh bosqichining ketma-ket 15 ta o‘yinida g‘alaba qozona olmadi hamda klub antirekordlari seriyasini yana-da uzaytirdi. Bunga “qaldirg‘ochlar” bosh murabbiy Sergey Lushchan boshqaruvida “muvaffaq” bo‘ldi.
“Bunyodkor” Chempionlar ligasining guruh bosqichida so‘nggi bor 2014-yilning aprel oyida zafar quchgan bo‘lib, o‘shanda klubni Aleksandr Volkov boshqarayotgandi. Keyinroq “Bunyodkor” guruhni muvaffaqiyatli yakunlashga erishgandi.
Keyingi ikki mavsumda esa jamoaga Sergey Lushchan ustozlik qildi va “Bunyodkor” har ikkisida ham guruhda qolib ketdi. Vaholanki klub bunga qadar musobaqadagi barcha ishtirokida guruh bosqichini muvaffaqiyatli bosib o‘tgandi.
2015 va 2016-yilgi mavsumlarda “Bunyodkor” guruh bosqichida jami 12 ta uchrashuv o‘tkazib, shularning 4 tasida durang o‘ynadi va 8 tasida imkoniyatni boy berdi. 2017-yilga kelib esa bu qora an’ana davom etdi hamda “qaldirg‘ochlar” guruh bosqichini ketma-ket uch mag‘lubiyat bilan boshladi.
Sergey Lushchan OChL guruh bosqichida 15 ta o‘yin o‘tkazgan bo‘lib, shularning 11 tasida imkoniyatni boy bergan va bittasida ham zafar quchmagan.
Ma’lumot uchun, Sergey Lushchan boshqaruvida “Bunyodkor” O‘zbekiston chempionatida ikki bor 4-o‘rinni egallagan (2014 va 2015-yillar). Bunga qadar “qaldirg‘ochlar” 2-o‘rindan pastga tushmagan bo‘lib, Lushchan rahbarligida kuchli uchlikka ham kira olmagandi.
Sergey Lushchan OChL guruh bosqichida hech bo‘lmaganda 1 ta bellashuvni durang bilan yakunlay olgan. 2017-yilgi mavsumda “Bunyodkor” barcha o‘yinda mag‘lub bo‘lib, yana bir antirekordini o‘rnatishi ham mumkin.
Izoh (0)